Samarqand xalqaro turizm markazida dor yo‘li qurilishi boshlandi
Samarqanddagi “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazi hududi bo‘ylab zamonaviy dor yo‘li qurilishiga kirishildi.
Samarqand viloyati turizm boshqarmasining ma’lum qilishicha, mazkur loyiha hududning turistik jozibadorligini yanada oshirish hamda mehmonlar uchun qulay va zamonaviy transport infratuzilmasini yaratishga qaratilgan.

Loyihaga ko‘ra, dor yo‘lining umumiy uzunligi 1700 metrni tashkil etadi va u 35 ta kabinadan iborat bo‘ladi. Har bir kabinada 10 nafargacha yo‘lovchini tashish va soatiga 1500 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur loyiha amalga oshirilishi bilan xalqaro turizm markazi hududida harakatlanish yanada qulaylashadi va sayyohlar uchun qo‘shimcha dam olish, hududni tepadan tomosha qilib, zavqlanish imkoniyati paydo bo‘ladi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri