27 dekabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.
Samarqand viloyatida tuman (shahar)larning ixtisoslashuvi, tabiiy xomashyo va yer resurslari, geografik joylashuvi hamda infratuzilmaviy imkoniyatlarida aniqlangan qiyosiy ustunlikka ega bo‘lgan yo‘nalishlarda davlat va xususiy sektor mablag‘laridan samarali foydalanish orqali yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida qabul qilingan qaror bilan 2026 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmining 9 foiz o‘sishini ta’minlash, viloyatni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, hududiy eksport hajmini 1,2 milliard AQSH dollariga, xorijiy investitsiyalar hajmini 3 milliard AQSH dollariga yetkazish belgilandi. Shuningdek, ijtimoiy soha, aholi xonadonlari va tadbirkorlik faoliyatida energiya sarfini o‘rtacha 20 foizga pasaytirish, xorijiy turistlar sonini 5 million nafargacha yetkazish, yashirin iqtisodiyot ulushini 30 foizga qisqartirish 2026 yilda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari qatorida qayd etildi.
Har bir tuman (shahar) ixtisoslashuvi, geografik joylashuvi, tabiiy xomashyo va yer resurslari hamda infratuzilmaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, qiyosiy ustunligi asosida “namunali va metodik” hududga aylantiriladi.
Yil davomida xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga ega hamda ichki xo‘jaliklararo 298 kilometr avtomobil yo‘llari hamda 15 ta yo‘l o‘tkazgichni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, 14 ta tuman (shahar)da 1 ta podstansiyani ta’mirlash, 70 ta transformator punktini o‘rnatish, 137 kilometr elektr tarmoqlarini yangilash, 14 tumanda 90 ta suv inshooti, 242 km suv tarmog‘ini qurish va ta’mirlash belgilandi.
Kelgusi yil 1 iyuldan viloyatdagi qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan to‘lanadigan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari to‘liq tuman (shahar) suv korxonalari ixtiyoriga o‘tkaziladi. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish maqsadida talabgorlarga paxta maydonlarida joriy etilgan tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun belgilangan tartibda har bir gektariga 12 million so‘mdan subsidiya beriladi.
2026 yil 1 yanvardan viloyatdagi qurilish, ta’mirlash va modernizatsiya qilish loyihalari qat’iy ravishda “yashil” tamoyillar va energiya samaradorligi bo‘yicha minimal talablar asosida amalga oshiriladi. 348 ta ijtimoiy soha muassasalari “yashil” tamoyillar asosida modernizatsiya qilinadi va 1036 ta geliokollektor o‘rnatiladi, energiya iste’moli yuqori bo‘lgan 3 mingta xonadonda energiya samaradorligi ta’minlanadi.
– Qarorga ko‘ra, Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi "Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish" loyihasi doirasida 57 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar hisobidan 52 ta mahalladagi 257 ta ob’ektda 2026 yil 1 apreldan qurilish-ta’mirlash ishlari boshlanadi, – deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov. – Qishlok hududlaridagi 261 ta mahallada “Uzagrostar xolding” kompaniyasi hamda kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi instrumentlaridan foydalaniladi. Tuman va shaharlar markazlaridagi 150 ta mahallani bog‘lovchi gavjum ko‘chalar, sohil va yo‘lbo‘yi, savdo, ko‘ngilochar va dam olish markazlari, turistik salohiyat yuqori bo‘lgan 19 ta mahallada mehmon uylari, turizmga xizmat ko‘rsatuvchi ob’ektlar tashkil etiladi. Chegara va olis hududlardagi 8 ta mahallada qishloq xo‘jaligi va kichik ishlab chiqarish kengaytiriladi, xalqaro (tranzit) avtomobil yo‘llari bo‘ylaridagi 168 ta mahallada “servis point” va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, bir oy muddatda viloyatdagi har bir mahallaning ixtisoslashuvini kayta ko‘rib chiqib, mavjud resurs va mexanizmlarni samarali safarbar qilish yuzasidan manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqish belgilandi. Albatta, bu vazifalar va chora-tadbirlarning amalga oshirilishi viloyatimizdagi mahallalar qiyofasini tubdan o‘zgartirib, xalqimiz uchun qulay turmush sharoiti yaratishga xizmat qiladi.
Bulung‘ur tumani G‘o‘bdin massividagi 100 gektar yer maydoni “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi tarkibiga o‘tkaziladi va bu yerda yuqori qo‘shilgan qiymatli, eksportga yo‘naltirilgan loyihalar joylashtiriladi.
Narpay tumanidagi “Zirabuloq” temir yo‘l stansiyasi atrofida joylashgan bo‘sh turgan bino va inshootlar negizida eksportbop tayyor yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun xalqaro tajriba asosida xususiy sektor tomonidan boshqariladigan sanoat zonasi tashkil etiladi.
57 ta noruda foydali qazilmalar kon va uchastkalar belgilangan tartibda elektron auksionlarga chiqariladi.
“Qo‘shrabot Agrostar” negizida mayizchilik klasteri tashkil etiladi. Bunda “Xalq banki” ishtirokida Ishtixon, Qo‘shrabot, Urgut, Payariq, Kattaqo‘rg‘on va Samarqand tumanlaridagi 42 ming gektar uzumzorlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ushbu tokzorlarni yangilash, mayiz yetishtirish hajmlarini oshirish va infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha uch yillik dastur amalga oshiriladi. Ixtisoslashgan 88 ta mahallada organik mayiz yetishtirish hajmlarini oshirish hisobiga 2026 yilda viloyatda qo‘shimcha 20 million AQSH dollari hajmida mayiz eksporti yo‘lga qo‘yiladi. Qo‘shrabot tumanida 300 gektar yer maydonida zamonaviy yondashuvlar asosida uzum ko‘chatlarini yetishtirish hamda mayizchilikni rivojlantirishga ixtisoslashgan zamonaviy majmua tashkil etiladi.
Urgut tumanidagi Jartepa chegara bojxona postiga tutash hududdagi 10 gektar yer maydonida “Jartepa” erkin savdo zonasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Viloyatning Nurobod tumani Nurbuloq shaharchasi yil davomida uzluksiz xizmat ko‘rsatuvchi “kurort” shaharchaga aylantiriladi va buning uchun infratuzilma barpo etishga 32 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Umuman, qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish va viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishni zarur va barqaror infratuzilma bilan ta’minlash uchun 2026 yilda viloyatga 5,2 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri