Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining buyrug‘iga asosan Rivojiddin Mahkulov Samarqand viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Tayinlovga qadar R.Mahkulov Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i kotibiyati mudiri lavozimida faoliyat olib borgan.

***
Majburiy ijro byurosi Pastdarg‘om tuman bo‘limi tomonidan 13 ta sud hujjati asosida 38 turdan ziyod, umumiy qiymati 113,4 million so‘mdan ortiq bo‘lgan sifati kafolatlanmagan dori vositalari, shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha ashyoviy dalil sifatida e’tirof etilgan buyumlar va boshqa tovar-moddiy boyliklar belgilangan tartibda yo‘q qilindi.
Ijro harakatlari jarayoni keng jamoatchilik vakillari, mutasaddi tashkilotlar hamda xolislar ishtirokida o‘tkazildi.

***
Ramazon oyi munosabati bilan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi tashabbusi bilan partiya faollari tomonidan Samarqand shahridagi “Saxovat uyi”da iftorlik dasturxoni yozildi. Shuningdek, muassasada yashovchi 135 nafar fuqaroga bayram sovg‘alari topshirildi.

***
Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan 23-24-mart kunlari Samarqand shahrida “Sharq taomlari” festivali o‘tkaziladi.
Viloyat turizm boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, ikki kun davomida mahalliy va xorijlik 100 dan ortiq oshpazlar ishtirokida musobaqalar, 50 turdagi noyob taomlar tayyorlash jarayonlari, oshpazlardan mahorat darslari, hunarmandchilik va sharq shirinliklari ko‘rgazmalari, madaniy ko‘ngilochar dasturlar tashkil etiladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri