Viloyat hokimi Adiz Boboyev BMTning aholi punktlari bo‘yicha dasturi shaharsozlik eksperti Katya Shefer boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda hududning barqaror rivojlanishi, master-reja tayyorlash va urbanizatsiya sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdi. Jumladan, qurilishda ekologik yechimlarni qo‘llash, infratuzilmani rivojlantirish va shahar boshqaruvida xalqaro tajriba almashish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

***
Oqdaryo tumanidagi Mahdumi A’zam ziyoratgohi yaqinida, M-37 avtomagistralida piyodalar uchun yer osti yo‘li qurilishi boshlandi. Yer osti yo‘lining uzunligi 42 metr, balandligi 2,5 metr, eni 4 metrni tashkil etadi.
“O‘zyo‘lko‘prik” klasteri Samarqand filiali davlat muassasasi ishchilari tomonidan qurilayotgan ob’ektda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham qulaylik yaratiladi. Tonnel qurilishi zamonaviy texnologiyalar asosida tayyor temir-beton konstruksiyalar yordamida amalga oshirilmoqda.

***
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Azamat Pardayev Oqdaryo tumanidagi Chorbog‘ mahallasi yoshlari bilan uchrashdi. Ochiq va samimiy ruhdagi muloqot davomida hududda yashovchi yigit-qizlarning yigirmaga yaqin murojaatlari tinglandi.
Jumladan, yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun to‘siq bo‘layotgan masalalar qayd etilib, ularni bartaraf etish yuzasidan tuman va viloyat mas’ullariga tavsiyalar berildi.

***
Samarqand davlat chet tillar institutining Narpay xorijiy tillar fakulteti bitiruvchi talabalari uchun “Karera kuni” tadbiri tashkil etildi. Unda Samarqand viloyatining Narpay hamda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanlari maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari mas’ullari, umumta’lim maktablari direktorlari hamda Narpay tumani kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi mutaxassislari bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.

Bitiruvchilar mavjud vakant lavozimlar bilan tanishib, ish beruvchilar bilan muloqot qilishdi hamda o‘zlarining kelgusidagi kasbiy reja va istiqbollarini aniqlashtirib oldi. “O‘zmilliybank”AJ xodimlari tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan bitiruvchilarga kredit imkoniyatlari, biznesni yo‘lga qo‘yish tartiblari va moliyaviy rejalashtirish masalalari bo‘yicha tavsiyalar berdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri