Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
14:48 / 2026-02-05

Samarqand viloyati ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilinishicha, viloyat hamda tumanlararo ma’muriy sudlar tomonidan 2025 yil davomida jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlariga nisbatan mansabdor shaxslarning qarorlarini haqiqiy emas deb topish hamda xatti-harakatlari (harakatsizligi)ni qonunga xilof deb belgilash haqidagi arizalari asosida 1323 ta ma’muriy ish ko‘rib tamomlangan.

Bu ishlar bo‘yicha 502 ta ariza qanoatlantirilgan, 480 tasi rad qilingan, 122 ta ariza ko‘rmasdan qoldirilgan va 219 ta ariza bo‘yicha ish yuritish tugatilgan.

Ko‘rib chiqilgan ishlarning 430 tasi mahalliy davlat hokimiyati, 356 tasi kadastr agentligi, 175 tasi soliq organlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

***

Xalq deputatlari Toyloq tumani kengashi deputatlarining o‘z saylov okrugi hududidagi infratuzilmani yaxshilash, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalliy byudjetdan har bir deputat uchun 25 million so‘mdan mablag‘ ajratishga qaror qilindi.

***

Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Xitoy Xalq Respublikasining Shantou universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va xalqaro ta’lim loyihalarini birgalikda amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.

Xitoylik mehmonlar Samarqand davlat tibbiyot universiteti ilmiy salohiyati va ta’lim jarayoni, klinik bazalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.  

***

Samarqandda yaponiyalik tadbirkorlar uchun maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Shu maqsadda viloyatga kelgan kunchiqar yurt investorlari mavjud sanoat va logistika infratuzilmasi, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlari hamda hududning investitsion salohiyati bilan tanishdi. 

Jumladan, Pastdarg‘om tumanidagi “Ulug‘bek” bojxona posti faoliyati o‘rganilib, bu yerda amalga oshiriladigan eksport-import operatsiyalari jarayonlari kuzatildi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri