Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:18 / 2025-12-08

Viloyat bojxona boshqarmasi rahbariyati Nurobod tumanida quvvati 500 megavat bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi va quvvati 334 megavatli podstansiya qurilishi investitsiya loyihasini amalga oshiruvchi mas’ullar bilan bojxona faoliyati yo‘nalishidagi vazifalarni muhokama qildi.

Loyiha doirasida “Acwa Power Sazagan Solar” MCHJ tomonidan taxminan 758 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan‑to‘g‘ri investitsiya jalb etiladi. 25 yil davomida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan kafolatlangan tarzda elektr energiyasini sotish va to‘lovlarni milliy valyutada amalga oshirish, qurilish majburiyatlari uchun 30 million AQSH dollarni tashkil etuvchi birinchi darajali xorijiy bank kafolatini taqdim etish ko‘zda tutilgan. 

Uchrashuvda kompaniya tomonidan 2025 yil yakuniga qadar import qilinadigan uskuna va mahsulotlarni omborlash, bojxona tartib‑taomillarini tezkor amalga oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi. 

***

Viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hamkorligida “Toza havo” oyligi doirasida tuman va shaharlarda ko‘chma ekologik postlar tashkil etilib, avtotransport vositalaridan chiquvchi is gazi va tutun miqdori o‘lchanmoqda.
Tadbirlar davomida tabiatga me’yoridan ortiq zaharli tashlamalar tashlab kelayotgan avtotransport vositalari haydovchilariga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilmoqda.

***

O‘zbekiston va Janubiy Koreya oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi doirasida Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov Janubiy Koreyaning Honam universiteti prezidenti Park Sang Cheol bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalari, jumladan, talabalar almashinuvi, qisqa muddatli o‘quv kurslari hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Muloqot yakunida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

***

Samarqand viloyat qon quyish stansiyasida  Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Unda sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaning oldini olish va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, xususan DMED tizimining joriy etilishi sohada shaffoflikni ta’minlash va inson omilini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etgani ta’kidlandi. 

Muassasa bosh vrachi Rofe Aliyev hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari Samarqand viloyati tibbiyot tizimida qayd etilgan korrupsion holatlar, ularning yuzaga kelish omillari, sabab va oqibatlari haqida gapirib, xodimlarni ogohlikka da’vat qildilar.

G‘.Hasanov, O‘zA