Samarqand davlat universiteti Biokimyo institutida an’anaviy “Oziq-ovqat xavfsizligi: global va milliy muammolar” mavzusidagi VII xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi.
Konferensiyada Germaniya, Rossiya, Italiya, Serbiya, Polsha, Vengriya, Pokiston kabi o‘ndan ortiq mamlakatdan olim va tadqiqotchilar, mamlakatimiz oziq-ovqat sanoati vakillari qatnashmoqda.

BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining yurtimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan anjumanda dunyo miqyosida kuzatilayotgan ekologik muammolar, jumladan, suv taqchilligi, tuproq degradatsiyasi va cho‘llanish darajasi oshib borayotgan sharoitda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash masalalari, sohaga ilmiy yondashuv muhokama qilinmoqda.
***
Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Ta’lim va kasb” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Yoshlarning kasb tanlovi, ta’limdagi yo‘nalishini aniqlash, o‘z iste’dod va qiziqishlariga mos sohani tanlashiga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan bir qatorda Rossiya, Turkiya, Kanada, Janubiy Koreya, BAA va boshqa davlatlardagi 20 dan ortiq universitetlar vakillari o‘z ta’lim dasturlari, grant loyihalari hamda xalqaro almashinuv imkoniyatlarini taqdim etdi. Ko‘rgazma davomida o‘quvchilar va abituriyentlar uchun maxsus maslahat burchaklari tashkil etilib, ularga o‘qish, til o‘rganish, xorijda ta’lim olish hamda zamonaviy kasblar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
***
Shu yil 30 oktyabrdan 13 noyabrga qadar Samarqandda ilk bor o‘tkaziladigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasida doirasida bir qator anjuman va seminarlar, madaniy tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Jumladan, 6 noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida "O‘tmishni asrab, kelajakni barpo etish" mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tadi.
YUNESKO rahnamoligida tashkil etilayotgan tadbirda barqaror merosni asrash, iqlim o‘zgarishining ta’siri, raqamli texnologiyalar, jamoatchilik ishtiroki va shahar merosini rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
***
Pastdarg‘om tumanida yashovchi fuqarolar – S.T. va Z.N. Nurobod tumani Yuksalish mahallasi hududida O‘zbekiston qizil kitobiga kiritilgan 7 ta yovvoyi Zarafshon qirg‘ovulini noqonuniy tarzda ovlaganligi aniqlandi.

Bu harakati bilan hayvonot dunyosiga 288 million 400 ming so‘m zarar yetkazgan noqonuniy ovchilarning harakatiga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilingan.
G‘.Hasanov, O‘zA