Joriy yilning avgust oyida Kadastrlar palatasi Samarqand viloyat boshqarmasi hamda Kadastr agentligi boshqarmasida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari viloyat Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida muhokama etildi.
Yig‘ilishda, sohada amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan tasdiqlangan "Yo‘l xarita" ijrosi muhokama qilinib, ishchi guruh tomonidan maishiy korrupsiya holatlariga barham berish borasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan tushuntirish va ko‘rsatmalar berildi.

Qayd etilishicha, huquq-tartibot organlari viloyatda yer sotish, bu borada noqonuniy faoliyat olib borish bilan bog‘liq bir qator holatlarni aniqlab, ularda 92 nafar shaxs jami 2 million AQSH dollarini ta’magirlik yo‘li bilan olayotganda ushlangan.
***
Yaponiya xalqaro taraqqiyot agentligi (JICA) xalqaro ekspertlari turizmni rivojlantirishga oid hamkorlik dasturlari doirasida viloyatda bo‘lib, turizm salohiyati yuqori qishloq va mahallalarda o‘rganish ishlarini olib bormoqda.

O‘rganishlar natijasida xalqaro tajribaga asoslangan qishloq turizmini rivojlantirish va bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, aholining daromadlarini oshirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqiladi.
***
Samarqand davlat chet tillar instituti 2-bosqich magistranti Charos Balikova Turkiyaning Antaliya shahrida 100 katakli shashka bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida klassik va blits yo‘nalishida birinchi, rapid yo‘nalishida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Imkoniyati cheklanganlar o‘rtasida o‘tkazilgan ushbu nufuzli musobaqada 20 ga yaqin davlatdan 50 nafardan ortiq sportchilar ishtirok etdi.
***
Mamlakatimizning turizm salohiyatini Yevropa davlatlarida keng targ‘ib etish maqsadida Belgiyaning “Buscardini Communications SRL” ijodiy guruhi Samarqandga ijodiy safar uyushtirdi. Guruh a’zolari Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, sayyohlik maskanlarida tasvirga olish ishlarini olib bordi, har bir ob’ekt haqida qimmatli ma’lumotlar jamlanib, tarixchi olimlar va mutaxassislarning fikrlari yozib olindi.
G‘.HASANOV, O‘zA