Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
12:29 / 2025-08-28

Samarqand viloyat hokimligi hamda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlsh jamoat fondi tomonidan O‘zbekiston Nogironlar jamiyati hamda “VAQF” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limlari hamkorligida xayriya tadbiri o‘tkazildi.

Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda fuqarolik jamiyati institutlari, milliy madaniy markazlar vakillari, nogironligi bo‘lgan shaxslar va nuroniylar qatnashdi. Ular uchun bayram dasturxoni yozildi va 25 nafar ehtiyojmand yolg‘iz va nogironligi bo‘lgan shaxsga oziq-ovqat mahsulotlari hamda dori vositalari berildi.

***

Urgut tumani Bekravot mahallasida 330 o‘rinli yangi maktab binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Respublika investitsiya dasturi asosida bunyod etilgan maktab 19 ta sinfxona, sport zal va boshqa qo‘shimcha xonalardan iborat. Shu paytgacha ushbu mahalla bolalari bir necha kilometr olisdagi maktabga qatnab o‘qishga majbur edi. Endi ular yangi o‘quv yilini o‘z mahallasidagi maktabda boshlaydi.

***

Samarqand shahri jamoat transporti parki “SamAvto” zavodida ishlab chiqarilgan yangi avtobuslar hisobiga kengaydi.

“Sevinch Trans Servis” MCHJ tomonidan ISUZI rusumli 8 ta avtobus lizing asosida xarib qilinib, yo‘nalishlarga chiqarildi. Yangi avtobuslar xalqaro standartlarga javob beradigan tarzda jihozlangan, isitish-sovitish tizimi, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun pandus hamda alohida joy mavjud. Mobil qurilmalarni quvvatlash uchun USB porti, avtobuslar harakatini kuzatib borish uchun GPS qurilmasi ham o‘rnatilgan.  

Ayni paytda shaharda dunyoning yetakchi avtozavodlarida ishlab chiqarilgan 250 dan ortiq avtobus va elektrobus aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

***

Mustaqillik bayrami arafasida Nurobod tumani tibbiyot birlashmasi tarkibida 30 o‘rinli reabilitatsiya markazi ochildi.  

Markaz bemorlarning sog‘lig‘ini tiklash va ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish uchun zarur tibbiy jihoz va uskunalar bilan ta’minlangan.

***

Samarqandda “Men qutqaruvchiman” musobaqasining respublika bosqichi o‘tkazildi.  

“Dolzarb 90 kun” doirasida tashkil etilgan musobaqada mahallalar yoshlari favqulodda vaziyatlarda qanday harakat qilish bo‘yicha bilim va jismoniy imkoniyatlarini namoyish etdi.  

Qizg‘in va murosasiz kurashlar bilan kechgan musobaqada birinchi o‘rinni Samarqand viloyati yoshlari qo‘lga kiritdi. Keyingi sovrinli o‘rinlar Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlariga nasib etdi

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri