Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur bilan davlatimiz rahbarining “Tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi yuzasidan Samarqandda olib borilayotgan ishlarni muhokama qildi.
Uchrashuvda ayni paytda Samarqand shahridan uncha uzoq bo‘lmagan hududda hunarmandlar va rassomlar shaharchasini tashkil etish loyihasi ustida ish olib borilayotgani ta’kidlanib, mazkur maskan samarqandlik hunarmand va rassomlarning ijodxonasi hamda asosiy sayyohlik yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi qayd etildi. Adiz Boboyev va Akmal Nur Samarqandda sohani yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini o‘z ichiga olgan "Yo‘l xaritasi"ni imzoladi.
***
Samarqand viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasida Biznes ombudsman vakillari tomonidan o‘tkazilgan seminar-treningda inspeksiya xodimlariga davlatimiz rahbarining 2024 yil 14 noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Xususan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etgan holda o‘tkazilishi belgilab qo‘yilganligi va bu tartibga qat’iy amal qilish lozimligi aytildi.
***


Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti talabalari Tataristondagi Qozon federal universiteti tomonidan tashkil etilgan “Yozgi universitet – 2025” hamda Osiyo universitetlari assotsiatsiyasining “Rossiya – Osiyo – 2025” VII Osiyo talabalar forumida ishtirok etmoqda. Forumda samarqandlik talabalar Samarqand davlat universitetida o‘quv jarayonlari va yoshlarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida tadqiqotlar, ko‘rgazmalar o‘tkazmoqda.
***
Samarqandda ilk bor 1 –3 avgust kunlari “Samarqand oshi” xalqaro festivali o‘tkaziladi. Unda mahalliy oshpazlar bilan birga o‘ndan ortiq xorijiy davlatning mahoratli oshpazlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Festivalda Olmaliq kon metallurgiya kombinatida maxsus tayyorlangan katta qozonda 7 tonnalik osh tayyorlanadi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri