Samarqandda Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxonova oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari, mahallalardagi yoshlar yetakchilari va faol yoshlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida yoshlarni qiynayotgan dolzarb masalalar muhokama qilinib, amaliy yechimlar va rejalar belgilandi.
***
Samarqand viloyati “Oqila ayollar” harakatining navbatdagi forumi o‘tkazildi.

Unda “oila – turmush” doirasidagi jinoyatlar va huquqbuzarliklarning oldini olish, oilalardagi turli noxush holatlarga barham berish, xotin-qizlar va bolalarni ijtimoiy-huquqiy muhofaza qilish, bu borada ichki ishlar organlari, mahalla va boshqa jamoat, nodavlat tashkilotlar hamkorligining ahamiyati haqida so‘z bordi. Mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda “Oqila ayollar” harakati a’zolari faoliyatini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Harakat rahbari Jamila Sayfiddinovaning ta’kidlashicha, bugun viloyatda mazkur harakat o‘z atrofida 20 ming nafardan ziyod xotin-qizlarni jamlagan.
***
Moskva shahridan avtomobillarda yo‘lga chiqqan “YevroOsiyo yuragiga sayohat” ekspeditsiyasi a’zolari Samarqandda bo‘ldi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, olimlar, tadbirkorlar va boshqa soha vakillaridan iborat 100 nafarga yaqin ekspeditsiya a’zolari Bulung‘ur tumanidagi Fozil Yo‘ldosh uy-muzeyi, “Chavqi” folklor-etnografik ansambli faoliyati bilan tanishdi. So‘ngra Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, turizm ob’ektlarini tomosha qildi.
– Ekspeditsiyamiz 6 iyun kuni Moskva shahridan yo‘l olgan bo‘lsak, avval Rossiyadagi bir qator hududlar, keyin Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlarida bo‘ldik, – deydi “YevroOsiyo yuragiga sayohat” tashkiliy qo‘mitasi vakili Alena Lupina. – Toshkentdan Samarqandga keldik va bu yerdagi madaniy yodgorliklar bilan tanishdik, aholi turmush tarzini kuzatdik. Navbatdagi manzilimiz Buxoro, undan keyin Tojikistonga borishni rejalashtirganmiz.
***
Maksim Gorkiy nomidagi Primorsk akademik drama teatri ijodiy jamoasi 12–18 iyul kunlari Samarqandda ijodiy safarda bo‘ldi. Gastrol davomida rossiyalik teatr ijodkorlari tomonidan Samarqand viloyati musiqali drama teatrida namoyish etilgan “V djaze tolko devushki”, “Master i Margarita”, “Ne Silva ne operetta”, “Nebesnыy tixoxod. Motivы”, “Po morozu bosikom” spektakllari samarqandlik tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi.

Samarqand viloyat musiqali drama teatri Primorsk akademik drama teatri bilan ijodiy hamkorligi doirasida endi Rossiyada gastrol safari uyushtirib, eng sara asarlarini namoyish etishni rejalashtirgan.
G‘.HASANOV,
O‘zA muxbiri