Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
07:57 / 2025-05-20

Kattaqo‘rg‘on suv ombori hududida “Madaniyat eko turizm klasteri” oilaviy dam olish maskani foydalanishga topshirildi.

Tashabbuskor tadbirkor Safar Ergashevning ma’lum qilishicha, loyiha uch bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki birinchi bosqichda bu yerda 3 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirilib, 2 ming aholiga xizmat ko‘rsatish uchun qulaylik va imkoniyatlar yaratildi. Keyingi bosqichlarda suv ombori bo‘yida besh yulduzli mehmonxona va sanatoriya qurish rejalashtirilgan.

Loyihani 2026 yilda to‘liq amalga oshirish va 15 ming nafar mahalliy va xorijlik sayyohlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.

***

Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan nodavlat notijorat tashkiloti vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbarining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati, joriy yil uchun rejalashtirilgan davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalar xususida so‘z bordi.  

– Prezidentimizning farmoniga ko‘ra endilikda davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalar yangicha tartibda ajratiladi. Ya’ni ilgari u yoki bu viloyatdagi faol NNTlar takror-takror grant mablag‘lari yutib olar, boshqa hududdagi NNTlar esa yetarlicha faoliyat olib bormayotgan edi,  – deydi Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi rahbari Otabek Husanov. – Endilikda grant tanlovlari har bir hududning muammolari o‘rganilgan holda, aniq manzilli tarzda o‘tkaziladi. Bu esa hududlardagi ijtimoiy muammolarga NNTlar orqali yechim topishga xizmat qiladi.  

***

Viloyatda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, federatsiyalar faoliyatini jonlantirish, joriy yilda o‘tkaziladigan respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda tizimda olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.

Sport vaziri A.Ikromov va viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev ishtirok etgan yig‘ilishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. Yig‘ilishda tashkiliy masalalar ko‘rilib, Jasur Nurmanov Samarqand viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i, Qayum Sobirov O‘zbekiston Respublikasi Milliy Olimpiya qo‘mitasining viloyat bo‘linmasi ijrochi direktori lavozimiga tayinlandi.

 ***

Qozog‘istonning Ostona shahrida para dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida ayollar o‘rtasida J1 klassida (ko‘zi ojizlar) jahon chempioni bo‘lgan o‘zbekistonlik birinchi ko‘zi ojiz para dzyudochi Uljon Amriyeva Urgut tumanida tantanali kutib olindi.  

Tuman hokimi B.Jabborov Uljonoyning sportdagi yutuqlarini e’tirof etdi va unga Urgutdagi yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardan bir xonadon kalitini tantanali topshirdi.

G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri