Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev viloyat yoshlar vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, duch kelayotgan muammolar yuzasidan viloyat rahbariga murojaat qildi. Yigit-qizlarning bandlik, tadbirkorlikni rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan, jumladan, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha murojaatlarining qanoatlantirilishi aytildi.
Viloyatda kitobxon yoshlar safini kengaytirish maqsadida viloyat hokimining sovrini uchun yosh kitobxonlar tanlovi o‘tkazilishi belgilandi.

***
Samarqand viloyati prokurori M.Eshnazarov viloyat yakka kurashga ixtisoslashtirilgan sport maktabida sportchilar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi hamda sport maktabi rahbariyati va tajribali trenerlar bilan suhbatlashdi.
O‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ushbu sport turlarini ommalashtirish, sportchilar uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

***
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi tashabbusi bilan samarqandlik faol xotin-qizlar hamda ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar bekalari ishtirokida Xalqaro xotin-qizlar kuni oldidan bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda bir guruh ayollarga kasaba uyushmalari hamda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasining esdalik sovg‘alari, yurtimizning tarixiy shaharlariga sayohat uchun yo‘llanmalar berildi.

***
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi hamda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida pilla yetishtirish mavsumi oldidan ipak qurti parvarishlash va tutchilik sohasida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.

Seminarda bu yilgi mavsumda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan tarmoqda xotin-qizlar bandligini ta’minlash va ijtimoiy muhofaza qilish, shartnomalarni belgilangan muddatlarda imzolash va haq to‘lash, ipak qurti parvarishlash bo‘yicha Vetnam davlati tajribasidan samarali foydalanish kabi masalalar yuzasidan mutaxassislar tomonidan zarur tavsiyalar berildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri