“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Robaxon Mahmudova boshchiligidagi guruh Samarqand viloyatida ijtimoiy masalalarni o‘rganishni boshladi.
Partiya yetakchisi dastlab Samarqand shahri va tumanida partiya faollari, deputatlar bilan uchrashib, asosiy maqsad joylarda aholi turmush tarzi bilan tanishish, muammolarni o‘rganish va kelgusida ularni mutasaddilarni jalb etgan holda hal etishdan iborat ekanligini ta’kidladi.

***
Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Samarqand davlat chet tillar institutida Samarqand garnizonidagi harbiy qism xizmatchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Harbiy qism komandiri, podpolkovnik A.Soatov talabalarga mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining jangovar salohiyati, mamlakatimiz tinchligi, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash yo‘lida tunu kun sergak turgan harbiy xizmatchilar faoliyati haqida gapirib berdi.
Harbiy qism askar va xizmatchilari ko‘rgazmali jangovar chiqishlarini namoyish etdi, harbiy orkestr tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro qilindi.

***
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch tuzilmalari xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinini o‘tkazdi.
Unda Markaziy harbiy okrugning “Mard o‘g‘lonlar” jamoasi birinchi, Ichki ishlar vazirligi Samarqand akademik litseyining “Akademik” jamoasi ikkinchi va viloyat ichki ishlar boshqarmasining “Samarqand viloyati IIB” jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri