Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
20:01 / 2024-10-09

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo hamda mashinasozlik sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama etildi. 
Elchi Samarqandda ishlab chiqarilgan gilam va gilam mahsulotlari, quruq mevalar Qozog‘iston bozorida juda xaridorgirligini bildirib, eksport hajmini oshirish masalalariga to‘xtaldi.

***

Viloyat hokimi E.Turdimov tegishli boshqarma va idoralar hamda Samarqand shahar hokimligi mas’ullari ishtirokida Qorasuv massivida qurilayotgan tug‘ruq majmuasi va 1860 o‘rinli maktab qurilishi bilan tanishdi. Viloyat rahbari loyiha asosida barcha yumushlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi kerakligini ta’kidlab, binolar tom qismida quyosh panellari o‘rnatilishi zarurligini aytdi. Shuningdek, maktab atrofida ko‘proq yashil maydonlar tashkil etish, daraxt ko‘chatlari o‘tqazish kerakligi qayd etildi. 

O‘rganish davomida hududdagi yo‘llar va piyodalar yo‘laklarining ta’mirtalabligi, chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqilmayotgani va qurilish ob’ektlari atrofida chiqindilar to‘planib qolgani tanqid qilindi. 

Viloyat hokimi yuz ming aholi yashaydigan shaharchaga aylanayotgan mazkur massivda zamon talablariga mos xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kuchaytirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.

***

“Yosh kitobxon oila” tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Unda tanlovning quyi bosqichlarida 1400 dan ortiq oila orasidan g‘olib bo‘lgan kitobxon oilalar ishtirok etdi. 

Tavsiya etilgan adabiyotlar bo‘yicha berilgan savollarga to‘g‘ri javob qaytargan Qo‘shrabot tumani Toz mahallasida yashovchi Sirojiddin Ma’mirov va Sevara Abbosova oilasi birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi sovrinli o‘rinlar Ishtixon tumani Murotobod mahallasidan kelgan Doston Islomov va Shahzoda Islomova oilasiga hamda Samarqand shahri Obod maskan mahallasidan Shahboz Rahimjonov va Maftuna Rahimjonova oilasiga nasib etdi.

***

Viloyat axborot-kutubxona markazida Abu Iso At-Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. 
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyat bo‘limi va Samarqand shahar bo‘linmasi mas’ullari, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Samarqand davlat chet tillari instituti xodimlari buyuk imom ma’naviy merosi, muqaddas islom dini rivojiga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritdi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri