Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:06 / 2024-07-15

Urgut tumani Chumchuqli mahallasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri va tuman sektor rahbarlari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda aholi tomonidan ekinlarni sug‘orish uchun suv yetishmasligi, salomatni tiklash, kommunal xizmatlar va uy-joy masalalari bilan bog‘liq 100 dan ziyod murojaat qayd etildi. 30 ta masala shu yerning o‘zida mutasaddilar ishtirokida hal etildi.

– Murojaatlarni eshitish jarayonida vaqt va mablag‘ talab etadigan bir qator masalalarga duch keldik, – deydi Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri M.Turdiyev. – Bu masalalarni viloyat hokimligi va boshqa tegishli idoralar bilan birgalikda hal etish choralarini ko‘ramiz. Hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmaydi.

****

Samarqand bolalar jarrohligi ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan Qo‘shrabot tumani tibbiyot birlashmasi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va uning Jo‘sh filialida bolalarga o‘z vaqtida, yuqori malakali jarrohlik yordami ko‘rsatishga bag‘ishlangan o‘quv-seminarlar o‘tkazildi.

Tadbirlarda muassasalar tibbiy-sanitariya yordami shifokorlariga bolalarda keng tarqalgan jarrohlik kasalliklarini barvaqt aniqlash bo‘yicha tushuncha berildi, ularning bilim va malakasi oshirildi.

****

Joriy yilning 6 oy davomida Samarqand viloyati bojxonachilari tomonidan 780 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, 26 milliard 394 million so‘mlik tovarlar ushlab qolingan.

Mazkur huquqbuzarlik holatlari yuzasidan 13 milliard 423 million so‘m bojxona to‘lovlari hisoblangan. O‘tgan yilning shu davri bilan qiyoslaganda huquqbuzarliklar soni 237 taga, tovarlar qiymati 10 milliard 762 million so‘mga oshgan.

****

Nurobodlik Shabnam Toshmurodova yaqinda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi tomonidan tashkil etilgan “Mahalladagi kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lgan edi.

Tuman hokimi S.Berdiqulov Shabnam va uning oila a’zolari bilan suhbatlashdi. Ushbu kitobxon xonadonga kitob javonlari sovg‘a qilindi.

G‘.HASANOV,  

O‘zA muxbiri