Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand viloyati IIBda jamoatchilik kengashi tuzildi
09:12 / 2023-04-27

Prezidentimizning shu yil 20 yanvarda qabul qilingan “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorida ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratish maqsadida Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblangan, soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilishi belgilangan edi.

Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2023 yil 11 martdagi buyrug‘idan kelib chiqib, Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasida Jamoatchilik kengashi tuzildi.

Jamoatchilik kengashining bugungi ta’sis yig‘ilishida viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik F.Rahmatov so‘zga chiqib, Jamoatchilik kengashi faoliyati tashkil etilishi ichki ishlar organlari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim vosita, ichki ishlar idoralari va xalq o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik bo‘lishini ta’kidladi.

Jamoatchilik kengashi tarkibiga ichki ishlar idoralari faxriylari, viloyatdagi ommaviy axborot vositalari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, ma’naviyat targ‘ibotchilari kiritilgan.

Yig‘ilishda jamoatchilik kengashi raisi, o‘rinbosar va kotibi saylandi. Kengash nizomi tasdiqlandi.  

Qarorda qayd etilganidek, jamoatchilik kengashlariga ichki ishlar organlari faoliyatida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, soha bo‘yicha ijtimoiy fikrni o‘rganish va tizimli monitoring olib borish, ichki ishlar organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonida ijtimoiy fikr va jamiyat manfaatlari hisobga olinishini ta’minlash choralarini ko‘rish, ichki ishlar organlari faoliyatidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha internet va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabarlarni batafsil o‘rganish va uning natijasini keng jamoatchilikka yetkazish vazifalari qo‘yilgan.

G‘.HASANOV, O‘zA