Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov “Dinamo” - “Nasaf” uchrashuvi haqida qanday fikr bildirdi?
“Dinamo” - “Nasaf” 1:1. Urf boʻlgan soʻzlar bilan aytsak, doʻstlik gʻalaba qozondi! Sharhlovchilar tili bilan aytsak, jangovar durang!
“Dinamo” - “Nasaf” 1:1. Urf boʻlgan soʻzlar bilan aytsak, doʻstlik gʻalaba qozondi! Sharhlovchilar tili bilan aytsak, jangovar durang!
Ammo nima boʻlganda ham “Nasaf”dek Xalqaro uchrashuvlarda yurgan, Oʻzbekiston Chempionatida hamisha gʻoliblikka daʼvogar boʻlgan jamoa bilan durang oʻynash – gʻalabaga teng!
Oʻyinni biz bilan birga tomosha qilgan Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ham oʻyindan keyin oʻz fikrini aytdi:
– Birinchi liga jamoasi deb qaralgan “Dinamo” Superliga peshqadami boʻlgan “Nasaf” bilan tengma-teng oʻynadi, bu katta muvaffaqiyat!
Oʻyindan keyin biz, jurnalistlar uchun matbuot anjumani oʻtkazildi.
Savollarga javob bera turib, “Dinamo” jamoasi bosh murabbiyi Davron Fayziyev shunday dedi:
– Avvalo, sizlarga, stadionni toʻldirgan muxlislarga minnatdorchilik bildiraman, biz maydonda 12 oʻyinchi boʻlib harakat qilayotganimizni his qilib turdik. Minglab tomoshabinning qoʻllab turishi masʼuliyatimizni ham oshirdi. Birinchi turdayoq nomdor jamoa bilan oʻynayotganimiz bizni ancha choʻchitdi. Yigitlarda ham, oʻzimda ham hayajon kuchli boʻldi. Xatolarimiz ham boʻldi. Bu eng avval biz Superliga oʻyinlari boshlanishiga juda oz fursat tayyorlanganimiz bilan bogʻliq. Oʻyinchilar oʻn kunning ichida yigʻilib, mashgʻulot boshlagan boʻlsak, ayrim oʻyinchilar uch kun, ikki kun oldin kelib, safimizga qoʻshildi. Hatto bir oʻyinchimiz kecha yetib keldi.
Hali bolalar bir-birining oʻyinini tushunib olish tugul bir-birlari bilan ham endi tanishishyapti. Ammo keyingi turgacha bu narsalar oʻtib ketadi va biz bundan ham yaxshi oʻyinlar koʻrsatamiz. Jamoaga chet ellardan legionerlar olishga ham mening fursatim boʻlmadi. Oʻzi niyatim ham samarqandlik jaydari bolalardan jamoa tuzish edi. Bu borada hamkasbim Roʻziqul Berdiyevga havas qilaman, uning barcha oʻyinchilari “Nasaf” akademiyasidan yetishib chiqqan bolalar. Nasib boʻlsa, biz ham oʻz akademiyamizga ega boʻlib, Samarqandning oʻzidan zoʻr oʻyinchilar boʻladigan yosh bolalarni tarbiyalab boramiz.
“Nasaf” jamoasining bosh murabbiyi Roʻziqul Berdiyev ham oʻz mulohazalarini bildirdi:
– Yutib turganda gʻalabani qoʻldan boy berish bizning tabiatimizga zid narsa edi. Ammo himoyadagi xatolarimiz raqib gol urishiga imkon qoldirdi. Men “Dinamo”ning aʼzolari yaqinda jamoaga olingani, deyarli hammasi mahalliy yoshlar ekanidan ular 90 daqiqa birdek oʻynay olmaydi, deb hisobladim va ularning charchashini kutdim. Bolalarga bir yarim taym himoyada oʻynab, soʻnggi 15-20 daqiqada shiddatli hujum qilishlarini tayinladim. Shunday boʻldi ham, ammo gol urishga “Dinamo” himoyachilari imkon qoldirishmadi.
Hamkasbimni yaxshi jamoa tuzgani bilan tabriklayman, jamoaning oʻyini esa hisobga, yaʼni durangga mos edi. Yana bir narsani alohida taʼkidlamoqchiman: Samarqandda doim ham ishqibozlar oʻz jamoasini juda qattiq qoʻllab-quvvatlagan va bugun yana bir bor buning guvohi boʻldim. Ularning sershovqin hayqiriqlari tufayli mening jamoam katta bosim ostida oʻynadi. Tomoshabinlarga qoyil! Ularga rahmat!
Oʻyinda oldin kuzatilmagan bir holat roʻy berdi: “Dinamo” darvozaboni Shohruh Eshbutayev jarohat olib, maydonni tark etganidan soʻng ikkinchi darvozabonning maydonga tushishini hakamlar ham, futbolchilar ham, 14.000 tomoshabin ham naqd 8 daqiqa kutib turdi. Sababi, darvozabon, Xitoyda oʻtgan Osiyo oʻyinlari gʻolibi, Prezidentimiz taʼrifi bilan aytsak, “Jaydari, qorakoʻz bola” Botirali Ergashev ... namoz oʻqiyapti ekan. Balki uning duolari tufayli yutqizayotgan “Dinamo” hisobni tenglashtirib olgandir?
Nima boʻlganda ham Superligaga qaytgan, ilk oʻyinini kuchli raqib bilan oʻtkazsa-da, qadamini bir ochko olish bilan boshlagan Samarqandning “Dinamo”siga omad tilaymiz!