Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand va Perlis turizm sohasida hamkorlik qiladi
17:21 / 2023-02-01

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov boshchiligidagi turizm, madaniyat sohalari va diniy tashkilotlar vakillaridan iborat guruh Malayziyaning Perlis shtatida xizmat safarida bo‘ldi.

Perlis Malayziyaning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan shtat. Aholisining 89 foizi malay millatiga mansub, 8 foizi xitoylar, 3 foizi hindlar va boshqalar. Poytaxti Kangar shahri. Shtat mamlakatning Osiyo qit’asiga olib boradigan temir yo‘l darvozasi bo‘lib, Tailand orqali tovarlar eksporti va importi uchun muhim yo‘lak hisoblanadi. Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan, logistika va turizmdir.

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov va Perlis shtati valiahd shahzodasi Sayyid Fayzuddin Putra ibn Sayyid Sirojuddin Jamolullail, shtat administratsiyasi rahbari Mohd Shukri Ramli, turizm, san’at va madaniyat vaziri o‘rinbosari Xayrul Firdavs, Islom turizm markazi direktori Alissa Yussin bilan uchrashuvlari chog‘ida Samarqand va Perlis o‘rtasidagi manfaatli hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.  

Samarqandda turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan mega-loyihalarning mamlakatimizni sayyohlar uchun jozibador maskan sifatida tanitishiga hissa qo‘shayotgani alohida ta’kidlandi.

– bugungi kunda Samarqand dunyoga har tomonlama ochilmoqda, – dedi R.Qobilov. – Uning dunyoga mashhur ziyoratgoh va qadamjolari sayyohlarni jalb qilishda muhim ahamiyatga ega. Samarqand hududida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Maxdumi A’zam kabi musulmon olamining taniqli olimlari yashab ijod qilgan, ular nomi bilan bog‘liq maskanlar bugungi kunda ziyorat turizmnining asosiy ob’ektlari hisoblanadi. Malayziyalik do‘stlarimizga ana shu imkoniyatlar, yurtimizda sayyohlik sohasiga qaratilayotgan e’tibor haqida gapirib berdik. Samarqandni O‘zbekistonning “sayyohlik darvozasi” sifatida targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan kompleks chora-tadbirlar, turistlar uchun viza tartiblarining soddalashtirilgani, Samarqand xalqaro aeroporti va “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro sayyohlik markazining imkoniyatlari haqidagi ma’lumotlar Perlis shtati rahbarlari va turizm sohasi mas’ullarida qiziqish uyg‘otdi.  

Mezbonlar Perlis shtatida o‘zbek madaniyati va turizmi “burchagi” ni ochish, qo‘shma tadbirlar va B2B uchrashuvlarini o‘tkazish orqali Samarqandning boy turizm salohiyatini targ‘ib qilishga tayyorligini bildirdi.  

Uchrashuvlarda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo olimlari va mutafakkirlarining islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi qayd etildi. Imom Buxoriy va Imom Termiziy merosi Malayziyada katta obro‘ga ega. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston malayziyalik sayyohlar uchun eng yaxshi yo‘nalishlardan biriga aylanishi mumkin.

Malayziya tomoni turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Uchrashuvlarda musulmon turizmi standartlarini ishlab chiqish va “ziyorat-turizm” mahsulotlarini yaratish bo‘yicha tajriba almashish, Islom turizmi markazi bilan birgalikda respublika vakillari uchun o‘quv kurslarini tashkil etish kabi masalalar yuzasidan kelishuvlarga erishildi.   Shu bilan birga O‘zbekiston va Perlis davlatining sayyohlik kompaniyalari tomonidan “ziyorat-turizm”, “madaniy turizm”, “etnoturizm”, “qishki turizm”, “Umra+”, “ish turizmi” tur-paketlarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, Samarqand viloyati yoshlariga davlat oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishlari uchun ta’lim grantlari ajratish, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, Perlis universiteti va Perlis Islom universiteti orqali talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

G‘.HASANOV, O‘zA