English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand va Namangandagi maktablar faoliyati o‘rganildi
10:09 / 2023-05-26

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan Prezidentimizning 2022 yil 11 maydagi “2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini Samarqand va Namangan viloyatlari maktabgacha va maktab ta’limi tizimida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Samarqand viloyatida 1 ming 270 ta maktabda 59,5 mingga yaqin o‘qituvchi dars beradi. Ularning 50 ming 658 nafari oliy ma’lumotli, 4 ming 567 nafari tugallanmagan oliy ma’lumotli, 4 ming 238 nafari esa o‘rta maxsus ma’lumotlidir. 4 ming 897 nafar xorijiy til o‘qituvchilarining 1 ming 287 nafari milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlarga ega.    

O‘tgan o‘quv yilida 44 ming 855 nafar 11-sinf bitiruvchilaridan 15 ming 379 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan.  

Qayd etilganidek, yangi o‘quv yilidan Samarqand shahridan 3 ta, Pastdarg‘om va Urgut tumanidan ham 3 tadan, qolgan hududlardan esa 1 tadan, jami 22 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari tajriba-sinov shaklida tanlab olinib, o‘quvchilar ikkita xorijiy til hamda kasb-hunarni o‘rganishi uchun mahalliy byudjet mablag‘lari va xususiy tadbirkorlar hisobidan zarur shart-sharoitlar yaratiladi.  

Shuningdek, viloyatda 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab boshlang‘ich sinflarda (1-4-sinf) 320 ming 99 nafar o‘quvchiga bepul ovqatlanishni tashkil etish rejalashtirilgan. Xorijiy til o‘qituvchilarining 810 nafari milliy va 780 nafari xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi ta’minlanadi. 

Yuqoridagi farmon ijrosi yuzasidan Namangan viloyatida ham bir qator ishlar olib borilmoqda. Qayd etildiki, o‘tgan o‘quv yilida 29 ming 908 nafar 11-sinf bitiruvchilaridan 8 ming 199 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Shuningdek, umumta’lim maktablarida xorijiy tillarda o‘qitish sifatini yaxshilash maqsadida “Namangan tajribasi” joriy etilgan. 

Jumladan, viloyatda ta’lim sifati past bo‘lgan 34 ta maktablar tanlab olinib, mazkur maktablarda 680 nafar bitiruvchi o‘quvchilarga viloyatdagi o‘quv markazlari tomonidan autsorsing usulida ingliz tili fanini o‘qitish jarayonlari amalga oshirildi. 1-4-sinf o‘quvchilarini Finlyandiya tajribasi asosida o‘qitish borasida Namangan shahridagi 23-sonli maktab tanlab olindi.    

Yangi o‘quv yilidan Namangan shahar va tumanlarida jami 14 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari tajriba-sinov shaklida tanlab olinib, o‘quvchilar ikkita xorijiy til hamda kasb-hunarni o‘rganishlari uchun mahalliy byudjet mablag‘lari va xususiy tadbirkorlar hisobidan shart-sharoitlar yaratiladi.   

Qo‘mita a’zolari o‘rganishlardan kelib chiqib, har ikkala viloyatda sohada olib borilayotgan ishlar yuzasidan qator takliflarni bildirdi. Shuningdek, bu borada parlament nazorati samaradorligini oshirish, 2023-2024 o‘quv yiliga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish zarurligini qayd etdilar.    

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA