Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand va jizzaxlik fermerlar tajriba almashdi
09:24 / 2025-11-20

Samarqand tumanidagi “A’zam Azamat Agro” fermer xo‘jaligida qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanishga bag‘ishlangan respublika ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan tashkil etilgan tadbirda Samarqand va Jizzax viloyatlarining qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalari mas’ullari, fermerlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari B.Jabborov dala chetlari, kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofi, aholi tomorqalaridagi bo‘sh maydonlarni qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirish orqali mahsulot yetishtirish hajmini keskin oshirish mumkinligini Samarqand tumani misolida asoslab berdi.

Qayd etilishicha, Samarqand tumanida 115 gektar dala chetlari bo‘lib, bu yerlarda 101,8 ming tup, kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi 11 gektar maydonda 10,05 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan. Tumandagi fermer va dehqon xo‘jaliklari, qishloq xo‘jalik korxonalari tomonidan avgust–sentyabr oylarida 1145 gektar maydonda to‘qsonbosti usulida piyoz va sarimsoqpiyoz ekilgan. Ayni vaqtda barcha maydonlarda agrotexnik talablar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, 2026 yil hosili uchun to‘qsonbosti usulida qo‘shimcha 3134 gektar maydonda sabzavot ekinlari ekish ko‘zda tutilgan. Hozirda ushbu maydonlarda sug‘orish tarmoqlarini tayyorlash, tuproqni yumshatish, mineral o‘g‘itlar berish va boshqa agrotexnik ishlar belgilangan rejaga muvofiq davom etmoqda.

Ko‘rgazmali seminarning amaliy qismida ishtirokchilar mazkur fermer xo‘jaligida dala chetlaridan samarali foydalanish, mevali ko‘chatlar ekish va to‘qsonbosti ekinlarini joylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, o‘zaro tajriba almashdilar.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari