English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand va Jizzaxda ta’lim sohasida qanday ishlar amalga oshirilgan?
13:12 / 2024-07-19

Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi natijalar millat kelajagi, ravnaqi bilan chambarchas bog‘liq. Shuning uchun ham ushbu sohadagi ishlar samaradorligiga e’tibor qaratish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida o‘rganib, bartaraf etish o‘ta dolzarb ahamiyatga ega.

Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi doimiy ravishda joylarda o‘rganishlar olib boradi. Qo‘mita a’zolari yaqinda «Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni ijrosini Samarqand va Jizzax viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rgangan edi.  

Mazkur o‘rganish yakunlari qo‘mitaning kengaytirilgan yig‘ilishida qizg‘in muhokama qilindi.  

Jizzax viloyatidagi o‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga qarashli 558 ta maktab, 14 ta «Barkamol avlod» bolalar maktabi faoliyat olib bormoqda. Viloyatda 3-7 yoshli 102 ming 418 nafar bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Yil yakuniga qadar bolalar qamrovi darajasini 78 foizga yetkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Umumta’lim maktablarida 266 ming 796 nafar o‘quvchiga 23 ming 133 nafar o‘qituvchi ta’lim beradi. 2023-2024 o‘quv yilida iqtidorli o‘quvchilarni rag‘batlantirish maqsadida 445 nafar o‘quvchiga oltin, 96 nafar o‘quvchiga kumush medal berilgan. Qolaversa, 2024-2025 o‘quv yilida viloyatdagi 10 ta umumta’lim muassasasida ikkinchi xorijiy til o‘qitish amaliyoti joriy etilgan bo‘lib, mazkur maktablarda ikkinchi xorijiy tilni o‘qitish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Samarqand viloyatidagi o‘rganishlar ham atroflicha muhokama qilindi. Qayd etilganidek, viloyatda 5 ming 654 nafar oliy, 11 ming 263 nafar birinchi, 14 ming 375 nafar ikkinchi toifali, 20 ming 82 nafar mutaxassis hamda 9 ming 642 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog xodimlar faoliyat yuritib kelmoqda. Maktablardagi 4 ming 897 nafar xorijiy til o‘qituvchining 678 nafari milliy, 609 nafari xalqaro darajadagi sertifikatlarga ega.

Yig‘ilishda o‘rganishlar jarayonidagi ayrim kamchiliklarga e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, nodavlat umumta’lim tashkilotlari tarmog‘ini yanada rivojlantirish, ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklikning turli shakllarini samarali joriy etishda kamchiliklar mavjud. Muhokamalar davomida kamchiliklarni bartaraf etish, o‘quvchilarning ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlanishini ta’minlash hamda pedagoglarni moddiy rag‘batlantirish va ularning samarali ishlashi uchun munosib sharoitlarni yaratish bo‘yicha qator takliflar o‘rtaga tashlandi.

M.Komilova, O‘zA