Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand va Futszyan hamkorlikni kengaytiradi
09:07 / 2025-05-23

Samarqand shahrida Samarqand – Futszyan iqtisodiy va savdo hamkorlik hamda "Musaffo Futszyan" madaniy, turizm forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda Samarqand viloyati va Xitoy Xalq Respublikasi Futszyan provinsiyasi rahbariyati, iqtisodiyot, savdo, turizm, madaniyat va madaniy meros sohalari mas’ullari, tadbirkorlar ishtirok etdi.  

Forum ochilishida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Niyozov, Xitoy Xalq Respublikasi Futszyan provinsiyasi gubernatori Chjao Lun keyingi yillarda rivojlanib borayotgan O‘zbekiston – Xitoy mintaqalari hamkorligi, jumladan, sanoat, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va turizm sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar, investitsiyaviy dasturlar haqida so‘z yuritdilar.

– Samarqand Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan bo‘lib, uch ming yillik tarixga ega,-- dedi A.Boboyev.-- Ko‘hna kent nafaqat madaniy va turizm salohiyatiga ega, balki savdo-iqtisodiy hamda sanoat jihatidan ham har tomonlama strategik hudud. Xitoy mintaqalari bilan o‘rnatilgan savdo-iqtisodiy aloqalar natijasida oxirgi uch yilda tovar aylanmasi uch baravarga oshdi, ya’ni bu ko‘rsatkich o‘tgan yil yakuni bilan 554,4 million AQSH dollarini tashkil etdi. Xitoy tomonidan Samarqandga kiritilgan investitsiyalar esa to‘rt baravarga oshib, 354 million dollarni tashkil qildi. Hozirgi kunda viloyatimizda 140 dan ortiq Xitoy kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Biz ushbu kompaniyalar sonini oshirish va yangi sarmoyalarni jalb qilishni maqsad qilganmiz. Jumladan, Futszyan provinsiyasi mashinasozlik va uning ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishda yetakchi ekanligini hisobga olib Samarqandda avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyiha amalga oshirishni taklif qilamiz.

Futszyan provinsiyasi gubernatori ushbu yo‘nalishlarda istiqbolli va manfaatli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qildi.

Tadbir davomida ikki hududning turizm, madaniyat, transport, qishloq xo‘jaligi, investitsiyaviy, ishlab chiqarish va sanoat sohalaridagi salohiyati namoyish etildi. B2B va G2B uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlikni mustahkamlash va yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qator kelishuv hamda memorandumlar imzolandi.

Mehmonlar Samarqandning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilib, "Ipak yo‘li" xalqaro turizm markazi hamda “Boqiy shahar” majmuasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari