Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand va Boshqirdiston hamkorligi rivojlanadi
18:32 / 2022-05-18

Samarqand viloyati hokimligida Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston respublikasi rahbari Radiy Xabirov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Samarqand va Boshqirdiston o‘rtasida azaliy do‘stlik aloqalari mavjudligini qayd etib, keyingi yillarda savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Hududlarning faol iqtisodiy aloqalari tufayli Samarqand viloyati va Rossiya Federatsiyasi mintaqalari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yil 393 million dollardan oshdi. Jumladan, Boshqirdiston respublikasi bilan 4,5 million dollarlik eksport-import operatsiyalari amalga oshirildi.

– Ayni paytda Boshqirdiston bilan qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, ilm-fan, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ulkan imkoniyat mavjud, – dedi E.Turdimov. – Bundan tadbirkorlarimiz samarali foydalanishlari, biz esa ularni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Shu maqsadda boshqirdistonlik ishbilarmonlarni Samarqandga taklif qilamiz, hamkorlikda biznes-forumlar o‘tkazishimiz lozim.

Radiy Xabirov viloyat hokimining bu taklifini ma’qullab, O‘zbekiston Respublikasi Rossiya Federatsiyasining asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri ekanligini ta’kidladi. Keyingi paytda ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasida rivojlanib borayotgan ko‘p qirrali aloqalarni yanada kengaytirish mumkinligini qayd etdi.

– Biz Samarqanddan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xarid qilishga katta qiziqish bilan qaraymiz, – dedi R.Xabirov. – O‘z navbatida biz ham quruq sut, kungaboqar yog‘i va boshqa mahsulotlarni, shuningdek, qishloq xo‘jalik texnikalari va zamonaviy texnologiyalarini yetkazib berishga, ilmiy ishlanmalar bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyormiz. Samarqandda bugun sanoat ham ancha rivojlangan, bu borada ham birgalikda ishlash ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida Boshqirdiston va Samarqand vakillaridan iborat doimiy ishchi guruh tuzishga qaror qilindi. Samarqandga tashrif davomida mehmonlar viloyatdagi sanoat korxonalari faoliyati bilan ham tanishdi.

G‘.HASANOV, O‘zA