Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand va Bolonya universitetlari “Yozgi maktab” loyihasini yo‘lga qo‘ydi
18:42 / 2022-06-02

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakultetida Italiyaning Bolonya universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Yozgi maktab” loyihasi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mazkur xorijiy oliy o‘quv yurti professori Moreno Toselli Italiyaning ta’lim tizimi, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish tajribasi, agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi. Uning ta’kidlashicha, Samarqand va Bolonya bir iqlim mintaqasida joylashgan. Aynan shu omil ikki universitetning qishloq xo‘jaligi sohasidagi maqsadli va manfaatli hamkorligini ta’minlashi mumkin.

– Samarqand davlat universiteti oxirgi 5 yilda juda tez rivojlanayotganiga guvohmiz, – dedi Bolonya universiteti professori Diana Dijoyya. – Asosiy maqsadimiz – agrobiotexnologiya sohasini rivojlantirish maqsadida birgalikda shu yo‘nalishda yangi maktab yaratyapmiz. Bu mavzu hozir butun dunyoda dolzarb. Keyinchalik hamkorligimiz doirasida boshqa loyihalarni ham amalga oshiramiz.

– Samarqand menda ajoyib taassurot qoldirdi, – deydi yana bir mehmon, doktorant Zuffi Veronika. – Qadimiy ziyo maskani hisoblangan bu shaharda hozir ham ilm-fan rivojiga alohida e’tibor berilayotganidan quvonasan, kishi. Ayniqsa, agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi, arxeologiya yo‘nalishlarida tahsil olayotgan SamDU talabalari bilan muloqot qilish menga o‘zgacha zavq bag‘ishladi. Ularning bilim olishga, chet tillarini o‘rganishga ishtiyoqi juda kuchli ekan.

Ma’lumot o‘rnida qo‘shimcha qilish joiz, Samarqand davlat universiteti va Bolonya universiteti hamkorligi doirasida xalqaro meva-uzumchilik mutaxassisligi bo‘yicha magistratura qo‘shma ta’lim dasturi ochish rejalashtirilgan. Shuningdek, maktab dasturiga muvofiq, SamDU professor-o‘qituvchilari, talabalarining Bolonyaga tashrifi ham ko‘zda tutilgan.

Otabek Sa’dullayev,

SamDU axborot xizmati xodimi,

Shavkat Akramov (surat)