Urgut tumani — Samarqand viloyatining eng yirik va eng aholisi ko‘p hududlaridan biri. Bugungi kunda bu yerda qariyb 600 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Yillar davomida tuman aholisi asosan avtomobil va avtobuslar orqali Samarqand shahri va boshqa tumanlarga qatnab kelgan. Endi esa Urgutliklar va shahar mehmonlari poyezdda qatnashadi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i asosida 2025 yil fevral oyida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan Samarqand–Urgut oralig‘ida 55,4 kilometrli yangi temir yo‘l qurilishi boshlangan edi. Qisqa muddatda ulkan ishlar bajarildi.
Loyiha doirasida:
2 ta vokzal («Jartepa» va «Urgut»),
2 ta to‘xtash punkti,
2 ta temir-beton ko‘prik,
110 ta sun’iy inshoot,
3 ta qo‘riqlanadigan va 10 ta qo‘riqlanmaydigan kesishma,
58,3 km optik tolali aloqa liniyasi,
1,8 mln m³ tuproq ishlari,
hamda 58,3 km temir yo‘l izlari qurilib bitkazildi.
Shuningdek, mavjud 10/35/110 kV kuchlanishdagi elektr tarmoqlari to‘liq ko‘chirildi, aloqa kabellari yangilandi va markazlashtirilgan boshqaruv tizimlari o‘rnatildi.
Yangi yo‘nalish ishga tushirilishi bilan:
har kuni 2 ta yo‘lovchi poyezdi,
9 ta yuk poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Bu esa yiliga 359 ming yo‘lovchi tashish imkonini yaratadi. Shuningdek, 8,2 million tonna yuk samarali va tez yetkaziladi.
Urgut singari yirik tuman uchun bu juda katta yengillik. Avvallari yuk mashinalari tirbandligi tufayli korxonalar logistika qiyinchiliklariga duch kelayotgan bo‘lsa, endi mahsulotlar arzonroq va tezroq bozorga yetib boradi. Bu esa investorlarga qulaylik yaratib, «Urgut» erkin iqtisodiy zonasining salohiyatini yanada oshiradi.
Yangi tarmoq orqali 130 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ham ko‘zda tutilgan.
2025 yil 25 noyabr kuni davlat rahbari Samarqandga tashrifi chog‘ida jamoatchilik vakillari bilan birga yangi temir yo‘lda harakatlanib, Urgutga bordi. Prezident «Urgut» vokzalidagi xizmat ko‘rsatish tizimini, yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ham muhokama qilindi.
Tadbirkorlarning tashabbusi bilan vokzal atrofi zamonaviy markazga aylantiriladi: yangi avtovokzal, milliy choyxona, ekobozor, turar-joylar, xususiy maktab va bog‘chalar qurilishi rejalashtirilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur loyihaning ikkinchi bosqichi sifatida Samarqand–Urgut temir yo‘lini elektrlashtirish rejalashtirilgan. Bu nafaqat tezlikni oshiradi, balki ekologik jihatdan ham toza, tejamkor transport tizimini yaratadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/rFIP4MYKvWw?si=c9dDMudJskVLzBR5" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nozimbek Mardonov, Nishonboy Abduvoitov O‘zA