Samarqand universiteti qachon tashkil topgan?
Tarixda jahon tamadduni, jumladan, maʼnaviyati va ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan mamlakatlar va xalqlar soni u qadar koʻp emas. Bu borada soʻz ketganda Xitoy, Hindiston, Eron, Vizantiya, Saudiya, Misr, Gretsiya, Italiya, Fransiya, Angliya, Germaniya, Rossiya davlatlari safida Oʻzbekistonimiz va oʻzbek xalqining ham muborak nomi tilga olinadi, albatta.
Tarixda jahon tamadduni, jumladan, maʼnaviyati va ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan mamlakatlar va xalqlar soni u qadar koʻp emas. Bu borada soʻz ketganda Xitoy, Hindiston, Eron, Vizantiya, Saudiya, Misr, Gretsiya, Italiya, Fransiya, Angliya, Germaniya, Rossiya davlatlari safida Oʻzbekistonimiz va oʻzbek xalqining ham muborak nomi tilga olinadi, albatta.
Chunki bizdan kamida Imom Buxoriy, Abu Nasr Forobiy, Muhammad Xorazmiy, Mahmud Zamaxshariy, Ahmad Fargʻoniy, Hakim Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Amir Temur, Xusrav Dehlaviy, Mirzo Ulugʻbek, Xoja Ahror, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Abdulqodir Bedil, Boborahim Mashrab kabi buyuk siymolar yetishib chiqqan. Ular bashariyatning hozirgi yuksak taraqqiyotga erishuvi yoʻlida oʻz zamonida yelka tutib bergan ulugʻ shaxslar hisoblanadi.
Shunday ekan, tabiiy bir savol tugʻiladi: xoʻsh, aql-tafakkur, ilm-fan, maʼnaviyat-maʼrifat bobida bunday oliy maqomlarga erishgan buyuklar qayerda oʻqigan? Ularga kim taʼlim bergan?
Bu savolga javob topib-topmasimizdan yana bir mantiqiy masala oʻrtaga tushadi: bizda oliy taʼlim muassasalari faoliyat olib borganmi, ular qachon paydo boʻlgan?
Bizda hozirgacha dastlab 1918 yili ish boshlagan Oʻzbekiston milliy universitetiga mamlakatimizdagi ilk oliy taʼlim muassasasi sifatida qaraladi. Bunday holda Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimi paydo boʻlganiga endigina bir asr boʻlibdi, degan xato va bir tomonlama tasavvur hukmronlik qilib qoladi. Holbuki, yurtimizda faoliyat koʻrsatgan oliy madrasalar amalda dastlabki oliy taʼlim muassasalari edi.
Albatta, bunda yana bir nozik mulohaza oʻrtaga tushadi. Bu – qadimda ish yuritgan madrasalarimizning diniy taʼlim muassasasi boʻlgani bilan bogʻliq masala. Toʻgʻri, oʻrta asrlarda har qanday taʼlim muassasasining mafkuraviy, maʼnaviy taʼlimotini islom taʼlimoti tashkil etishi tabiiy edi. Shu bilan birga, madrasalarimizda dunyoviy fanlar xam oʻqitilgan va davrlar oʻtishi bilan ularning ulushi ortib borgan. Samarqandda 1420 yildan faoliyat koʻrsata boshlagan Mirzo Ulugʻbek madrasayi oliyasi bunga yaqqol misol boʻla oldi.
Xuddi shunday maqomda ish boshlagan Gʻarbning oʻnlab universitetlari oʻz tarixini qadimga bogʻlaydi va gʻurur bilan: “Biz falon asrning falon yilida tashkil topganmiz”, deb bong uradi. Biz esa hanuzgacha “1918 yildan oliy maʼlumotli boʻla boshlaganmiz”, deb kamtarlik qilamiz. Vaholanki, tashkil boʻlish davrini qadimga bogʻlaydigan oʻsha Gʻarb universitetlari ham aynan bizdagidek shakllanish tarixiga ega.
Yevropaning bugungi kunda eng mashhur boʻlib ketgan Bolonya (Italiya, XI asrda asos solingan), Oksford (Buyuk Britaniya, XII asrning ikkinchi yarmida asos solingan), Kembrij (Buyuk Britaniya, 1209 yili asos solingan), Sorbonna (Fransiya, Parijda 1257 yili tashkil etilgan, asoschisi – ruhoniy Sorbon), Salerna (Italiya, IX asrda Yevropadagi birinchi tibbiyot taʼlim muassasasi sifatida ochilgan, XI-XIII asrlarda juda mashhur boʻlgan), Uppsala (Shvetsiya, 1477 yili arxiyepiskop Yakob Ulfson tomonidan tashkil etilgan), Xaydelberg (Germaniya, 1386 yil 18 oktyabrda “Muqaddas ruh” cherkovida ochilish marosimi oʻtkazilgan) universitetlarining barchasi dastlab diniy taʼlim muassasasi boʻlgan. Davrlar oʻtishi bilan ularda boshqa sohalar, jumladan, tabiiy fanlar oʻqitilishi kengaya borgan. Tan olish kerak, Gʻarbda diniy taʼlim muassasasining zamonaviy tushunchadagi universitetlarga aylanish jarayoni toʻxtab qolmagan, muttasil davom etgan va natijada bu qitʼa olimlari keyingi asrlarda tabiiy fanlar rivojiga juda ulkan hissa qoʻshgan.
Musulmon Sharqida ham aynan shunday jarayon kechgan. Bunga yurtimizda yuz bergan IX-XII hamda XIV-XV asrlardagi ikki buyuk tamaddun davri yaqqol misoldir. Ammo bu jarayon XVI asrdan eʼtiboran orqaga ketdi. Olimlarimiz toʻgʻri qayd etayotganidek, keyingi asrlardagi urinishlar esa ahvolni oʻnglay olmadi, obyektiv va subyektiv omillar oldingi yuksak darajalarga yetish imkonini bermadi. Maʼlum maʼnoda depsinish va turgʻunlik yuzaga keldi.
Islom olamidagi dastlabki madrasalar arab mamlakatlarida emas, aynan bizning yurtimizda paydo boʻlgani ham masalaga bir qadar oydinlik kiritadi. Chunki arab olamida faoliyat boshlagan dastlabki madrasalardan biri Qohirada 988 yili bunyod etilgan. Hozirgi Al-Azhar universiteti oʻzini ana oʻsha madrasaning bevosita vorisi hisoblaydi.
Bizdan koʻp-koʻp islomiy olimlar yetishib chiqqani uchun ham Yer yuzida “Islom daraxtining ildizlari Arabistonda boʻlsa ham, shoxlari Movarounnahrda meva berdi”, – degan haqli eʼtirof yuradi.
Sohibqiron Amir Temur zamonida madrasalar gullab-yashnash davriga kirdi. Uzoqqa bormay, buni bu buyuk zotdan bizga meros qolgan “Temur tuzuklari”ni varaqlashning oʻzi ham yetarli maʼlumot beradi.
Asarning “Dinu shariat tuzuki” faslida shunday jumlalarni oʻqiymiz: “Noiblarimga har bir shaharda masjidlar, madrasalar, xonaqohlar qurishni... buyurdim. ...Musulmonlarga diniy masalalardan taʼlim berib, shariat aqidalari, islom dini ilmlari, tafsir, hadis, fiqhdan dars bersinlar, deb, har bir shaharga olimlar va mudarrislar tayin qildim” (Temur tuzuklari. – Toshkent: OʻZBEKISTON, 2018. – B.80).
Akademik Boʻriboy Ahmedovning shu asarda tilga olingan Mir Sayyid Sharif (1330-1414 y.) haqidagi sharhidan bilib olamizki, 1387 yili Sohibqiron Amir Temur jurjonlik bu mashhur olimni Samarqandga olib kelgan va poytaxtdagi oʻzi qurdirgan “Dor ush-shifo” madrasasida dars berishga tayinlagan (qarang: Oʻsha asar. – B. 81). “Dor ush-shifo” – “Shifo uyi”, yaʼni kasalxona degani. Mantiqan anglashilib turibdiki, bu madrasada koʻproq tibbiy ilmlar oʻqitilgan boʻlishi kerak. Oradan bir asr oʻtib, Alisher Navoiy Sohibqiron Amir Temurdan qolgan shu anʼanani davom ettirdi. U Hirotda aynan tibbiy ilmlardan taʼlim beriladigan “Shifoiya” madrasasini qurdirdi. Gʻiyosiddin Xondamir Navoiy “Shifoiya” madrasasini qurdirgani va u yerda tibbiyot sohasi boʻyicha mutaxassislar tayyorlanganini yozadi: “Shifoiya” (madrasasi) ushbu madrasaning (“Xalosiya” madrasasi koʻzda tutilayapti) gʻarbiy tomonida oʻta toza va sarishta bir tarzda qurilgan boʻlib, hozirgi kunda Mavlono Gʻiyosiddin Muhammad ibn Mavlono Jaloliddin – ushbu maskanda tibbiy ilmlardan taʼlim berish bilan mashgʻul” (Gʻiyosiddin Xondamir. “Makorim ul-axloq“. – Toshkent: AKADEMNASHR, 2018. – B. 34).
“Temur tuzuklari”ning “Raiyatdan mol-xiroj olish, mamlakatni tartibga keltirish va yuksaltirish, uning obodonchiligi, xavfsizligini amalga oshirish tuzuki” degan faslida Sohibqiron shunday yozadi: “Yana amr etdimki, katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsinlar...” (Temur tuzuklari. – B. 145).
Madrasalarimizning ayrimlari aynan oliy taʼlim muassasasi boʻlgani uchun ular “madrasayi oliya” deb yuritilgan. Modomiki, shunday ekan, Oʻzbekistonimizdagi koʻp universitet va institutlar, ana oʻsha taʼlim maskanlarining bevosita vorislari, deb eʼtirof etilishi adolatli boʻlar edi.
Universitetimiz olimlari bu gʻoyani 2001 yildan buyon tinimsiz aytib va yozib kelayapti. Bu fikrni amaliyotga aylantirish borasida ham birmuncha ishlar qilingan. Lekin hali-hanuz muayyan yechimga kelinganicha yoʻq.
Alisher Navoiyning kichik zamondoshi, tarixchi olim, shoir Zayniddin ibn Abdujalil Vosifiy (1486-1566 y.) oʻzining “Badoeʼ ul-vaqoeʼ” (“Goʻzal voqealar”) asarida Ulugʻbekning Samarqandda bino qildirgan madrasayi oliyasiga mudarris tayinlash bilan bogʻliq bir lavhani tasvirlagan. Unda yozilishicha, hijriy 813, milodiy 1420 yil kuz faslining farahbaxsh kuni madrasa qurilishi nihoyasiga yetgan. Hamma yoq saranjom-sarishta. Olimlar, tolibi ilmlar, qoziyu quzzot, saroy ahli yangi madrasa hovlisiga jam boʻlgan. Barchani bu firdavsmonand madrasaning birinchi mudarrisi kim boʻlishi masalasi qiziqtirar edi. Mirzo Ulugʻbek toʻplanganlarga murojaat qilib “Hamma ilmlarda yetuklikka erishgan kishi madrasaning birinchi mudarrisi boʻlsin”, – deydi. Shunda odamlar orasidan bir kishi chiqib “Men imtihon topshiraman”, – deya daʼvo qiladi. Mirzo Ulugʻbek rahbarligida 90 olim va talaba huzurida imtihon darsi oʻtiladi. Batlimusning (Klavdiy Ptolomey) “Al-majistiy” asari boʻyicha nihoyatda yuksak ilmiy saviyada oʻtilgan bu imtihon darsi asl mohiyatini faqat Qozizoda Rumiy va Mirzo Ulugʻbek tushunadi, xolos. Bu oʻz davrining yetuk olimi va mudarrisi Shamsiddin Muhammad Xavofiy edi.
Shunga asosan, Mirzo Ulugʻbek madrasasida dastlabki darsni 1420 yil 21 sentyabrda Shamsiddin Muhammad Xavofiy oʻqigan. Birinchi darsda 90 nafar tolibi ilm qatnashgan. Maʼruzada Mirzo Ulugʻbek va Qozizoda Rumiy ham hozir boʻlishgan.
Bizningcha, xuddi shu kunni, yaʼni 1420 yilning 21 sentyabrini madrasada oʻquv yilining boshlanish sanasi, deb hisoblash oʻrinli.
Mirzo Ulugʻbek madrasayi oliyasi 500 yil davomida turli tarzda faoliyat koʻrsatib, 1920 yilda uning faoliyati majburan toʻxtatilgan. Ammo keyinchalik oliy pedagogika instituti, pedakademiya, soʻngra Oʻzbek davlat universiteti, hozirda esa Samarqand davlat universiteti sifatida yangi davr, yangi talablar, yangicha yoʻnalishda oʻz faoliyatini davom ettirmoqda, desak, aslo yanglishmaymiz. Ana shu jihatdan, Samarqand davlat universitetining Mirzo Ulugʻbek madrasayi oliyasining asl vorisi ekanini eʼtiborga olib, uning taʼsis etilish sanasi tarixini ham bu ulugʻvor dargoh boshlangan tarix, yaʼni 1420 yil bilan belgilash masalasini oʻylab koʻrish tarixiy haqiqatning qaror topishiga koʻmaklashgan boʻlardi, deb oʻylaymiz.
Shuni inobatga olsak, 1420 yildan bu yogʻiga madrasayi oliya faoliyatida muayyan ijtimoiy-siyosiy vaziyat oʻzgargani taʼsirida bor-yoʻgʻi 7 yilgina, yaʼni 1920-1927 yillardagina majburiy tanaffus boʻlgani ayonlashadi.
Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobida keltirilishicha, Buxoroda milodiy 937 yili sodir boʻlgan katta yongʻinda Madrasayi Forjak ancha zarar koʻrgan. Shunga suyanib, olimlarimiz, Movarounnahrda madrasalar VIII asr oxirida paydo boʻla boshlagan, xususan, somoniylar davlati gullab-yashnagan IX asr oxiri – X asrda koʻplab bunday taʼlim maskanlari bunyod etilgan, degan xulosani ilgari suradi. Axir, Samarqand tarixiga oid manbalarning dalolat qilishicha, IX-X asrlarda birgina shu shaharning oʻzida 17 ta madrasa boʻlgan.
Buyuk adib va alloma Abdurauf Fitrat (1886-1938 y.) “Hind sayyohi bayonoti” asarida hindistonlik sayyohning buxorolik doʻsti tilidan Buxoroda 200 ga yaqin madrasa borligini, ular uch toifaga boʻlinishini aytadi. Keyin oliy toifadagi 33, oʻrta toifadagi 39 madrasaning roʻyxatini keltiradi, quyi toifadagi madrasalar 100 dan ortiq ekani haqida ham maʼlumot beradi.
Taklifimiz aniq-tiniq: Samarqand davlat universiteti bevosita Mirzo Ulugʻbek oliy madrasasining vorisi, demak, unga 1420 yili Mirzo Ulugʻbek tomonidan asos solingan, deb taʼkidlasak, zamonamiz ahli, birinchi navbatda, yosh avlodimiz koʻngliga gʻurur bagʻishlagan, ularni bilim va maʼrifatni oʻrganishga ruhlantirgan, tarixiy adolatni tiklagan boʻlar edik.
Rustam Xolmurodov,
Samarqand davlat universiteti rektori