O‘zbekiston – ko‘p millatli yurt.
Ayni paytda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek, ahil-inoq hayot kechirmoqda.
Barcha millat va elatlar vakillarining o‘z an’ana va qadriyatlari, urf-odatlarini asrab-avaylash va davom ettirishlari uchun imkoniyat yaratilgan. Ular o‘z tili, tarixi, madaniyati va boshqa o‘ziga xos turmush tarzini yosh avlodga o‘rgatib kelmoqda. Bu borada yurtimizdagi milliy-madaniy markazlarning faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi.

bugungi kunda Samarqand viloyatida turli millatlarning 11 ta milliy-madaniy markazi belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat olib bormoqda. Ular nafaqat o‘zlari mansub millatning an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylash va targ‘ib qilish, balki viloyatda yashayotgan barcha millatlar bilan do‘stlik, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Xususan, koreys, arman, tatar-boshqird, nemis, yahudiy, polyak, tojik, arab, rus, turk, ozarbayjon milliy madaniy markazlari o‘zaro hamkorlikda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqda.

Viloyatdagi milliy madaniy markazlar va nodavlat notijorat tashkilotlarining hamjihatlikda faoliyat olib borishlari uchun Samarqand shahrida “Do‘stlik uyi” tashkil etilgan. Bu yerda turli madaniy tadbirlar, do‘stlik kechalari o‘tkazish, ijodiy uchrashuvlar tashkil etish uchun zarur shart-sharoit yaratilgan. Binodagi muzeyda har bir milliy-madaniy markaz uchun alohida bo‘limlar tashkil etilgan va jihozlangan.
Milliy madaniy markazlar qoshida tashkil etilgan raqs, ashula va cholg‘u ansambllari esa turli millat madaniyatini yanada rivojlantirish va kelgusi avlod vakillariga yetkazishda juda muhim o‘rinni egallaydi. “Do‘stlik uyi” uchun viloyat hokimligi tomonidan berilgan avtobusdan milliy-madaniy markazlar samarali foydalanib, yurtimiz bo‘ylab sayohatlarga chiqishadi. Viloyat miqyosidagi tadbirlarda ishtirok etishadi.
Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan kecha Samarqand tumanidagi “Konigil turizm qishlog‘i”da nemis milliy-madaniy markazi tomonidan madaniy tadbir o‘tkazildi.

– Bir necha millat vakillarining bir mamlakatda totuv istiqomat qilishi o‘sha davlatning bag‘rikeng siyosati, barcha millat vakillariga o‘zaro hurmati natijasidir, – deydi Samarqand nemis milliy madaniy markazi rahbari Natalya Kayzer. – Shu yurt fuqarosi sifatida 2017 yilda “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘lganimdan faxrlanaman. Bugun Samarqandda istiqomat qilayotgan yuzlab nemis diasporasi vakillari bilan milliy bayramlarni o‘tkazib boramiz. Shuningdek, yurtimizda nishonlanadigan Navro‘z, Mustaqillik bayram sayillarida va boshqa tadbirlarda, o‘zga millatlarning turli marosimlarida qatnashamiz. Bayramlarni birgalikda nishonlaymiz. bugungi tadbirimizda ham o‘zimizning qadriyatlarimizni namoyish etdik, milliy kuy qo‘shiqlarimiz, raqslarni ijro qildik. Xotin-qizlarimiz nemis milliy kashtachilik namunalarini ko‘rsatdi. Farzandlarimiz do‘stlik mavzuida suratlar chizishdi. Tadbirimizga boshqa milliy-madaniy markazlar vakillarini ham taklif qildik va ularning tashrifidan boshimiz osmonga yetdi.
Samarqand azaldan ko‘p millatli zamin bo‘lib kelgan. Xalqimiz barcha millatlar vakillari bilan do‘stona, o‘zaro hurmat muhitida yashab kelmoqda. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu yerda urf-odat, an’analar ham bir-biriga uyg‘un, bir-birini to‘ldiradi.
G‘.HASANOV, O‘zA