Turkiyaning Istanbul shahrida “Turk dunyosi vizual hujjati” deb nomlangan tadbir tashkil qilindi.
Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi o‘rinbosari, turkiy davlatlar bilan aloqalar bo‘limi rahbari, Anqaradan saylangan deputat, professor va doktor Kurshad Zorlu ishtirok etgan anjumanda turk dunyosining umumiy tarixi, madaniyati, qardosh davlatlar o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy va strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Anjumanda so‘zga chiqqanlar asosiy e’tiborni birlik va hamjihatlik istiqboliga qaratdilar. Umumiy qadriyatlar atrofida jipslashish yo‘lini tanlagan turk dunyosi birdamlik ruhi bilan mintaqaviy va global miqyosda katta kuchga aylanayotgani ta’kidlandi.
Xususan, jurnalist Gungor Yavuzaslan shunday dedi:
– Ma’lumki, asrlar davomida Ipak yo‘li markazi, Sohibqiron Amir Temur imperiyasi poytaxti bo‘lgan ko‘hna Samarqand – Turk dunyosining “jon tomiri” hisoblanadi. Butun dunyo Registon maydoni, Shohizinda majmuasi va o‘nlab rasadxonalarni Turk-Islom sivilizatsiyasining eng yuksak namunalari sifatida e’tirof etadi. Samarqand davlatchilik va mahobat timsoli sanalgan bo‘lsa, Buxoro Turk dunyosining ma’naviy yuragi o‘laroq, umumiy falsafamiz shakllanishida hal qiluvchi o‘rin tutgan shahar.

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan uchrashuv davomida noiblar, faollar o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi. Vaqtincha Turkiyada yashayotgan, o‘qib, ishlayotgan qardosh xalqlar vakillarini qiziqtirgan savollarga mas’ullar tomonidan javob qaytarildi.
Nodira Kayimova, O‘zA