Koronavirus pandemiyasi bugun global iqtisodiy inqirozga sabab boʻlmoqda.
Koronavirus pandemiyasi bugun global iqtisodiy inqirozga sabab boʻlmoqda. Deyarli barcha davlatlar iqtisodiyoti, turli soha va tarmoqlari mazkur infeksiya tarqalishi tufayli katta zarar koʻrib, hatto, toʻxtab qoldi.
Bu ayniqsa, xalqaro turizmga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Davlatlar aholi salomatligi xavfsizligini taʼminlash maqsadida oʻz eshiklarini yopdi, aviareyslar va boshqa transport vositalari qatnovi toʻxtadi. Bunday holat iqtisodiyoti faqat turizm bilan bogʻliq mamlakatlarga salbiy taʼsir koʻrsatdi.
Keyingi yillarda sayyohlik jadal rivojlanayotgan mamlakatimizda ham ana shunday murakkab vaziyatda oqilona yoʻl tutgan holda turistik faoliyat bilan bogʻliq loyihalarni amalga oshirishga eʼtibor susaytirilmadi. Garchi xorijiy va mahalliy sayyohlik maʼlum muddat toʻxtab qolgan boʻlsada bu vaqt ichida joylarda yangi turistik obyektlarni tashkil etish, mavjudlari faoliyatini takomillashtirish ishlari davom etdi. Bugun esa yurtimiz shahar va qishloqlari, sayyohlik maskanlari bosqichma-bosqich mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun oʻz eshiklarini ochmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, yil boshidan buyon Samarqand viloyatiga 49 500 nafar xorijlik sayyoh kelgan. Vaholanki, oʻtgan yilning shu davrida kelgan chet ellik mehmonlar 227 ming nafardan koʻproqni tashkil etgan. Mahalliy sayyohlar ham oʻtgan yilgidan toʻrt barobar kam (286 ming kishi) keldi.
– Butun dunyo turizmida shunday holat kuzatilmoqda, – deydi Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti boshligʻi Dilshod Narziqulov. – Hozirda epidemiologik holat barqarorlashgan bir qator davlatlar pandemiya sharoitida ham sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda sayyohlar qabul qilishni boshlayapti. Jumladan, bizda ham turistik kompaniyalar, mazkur faoliyat bilan shugʻullanuvchi subyektlar davlat tomonidan berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar asosida ish boshlamoqda. Lekin shu paytgacha ham viloyatimizning turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi turistik obyektlar barpo etish, sayyohlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish borasida belgilangan ishlarni amalga oshirdik. Xususan, yilning birinchi yarmida viloyat boʻyicha 24 ta turistik loyiha ishga tushirildi. Samarqand shahri va Urgut tumanida jami 143 oʻrinli 6 mehmonxona, 162 oʻrinli 18 ta oilaviy mehmon uylari tashkil etildi. 11 ta yangi turoperator faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Viloyatimizga keladigan sayyohlar faqat Samarqand shahri va shahar atrofidagi tarixiy-madaniy meros obyektlariga sayohat qilish bilan cheklanmasligi uchun shahar tashqarisida borishi mumkin boʻlgan joylarni koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Shu maqsadda yil boshidan buyon tumanlarda 13 ta yangi turistik marshrut tashkil etildi. Misol uchun, Samarqand tumanidagi Konigil qishlogʻida namunali tipdagi “Turizm qishlogʻi”, Bogʻibaland mahallasida esa “Turizm mahallasi” tashkil etilmoqda. Bu ikki hudud ham oʻziga yarasha uzoq tarixga ega, hunarmandchilik, bogʻdorchilik boʻyicha ibratli tajribasi bor. Ajodlardan meros anʼanalarni bugungi avlod ham davom ettirib kelmoqda va tabiiyki, bu mahalliy va chet ellik sayyohlar uchun qiziqarli. Muhimi, bu hududlar turizm maskani boʻlgach, deyarli barcha xonadon mazkur tarmoq orqali doimiy daromad manbaiga ega boʻladi. Yangi turistik obyektlar, xizmat koʻrsatish shoxobchalari va joylashtirish vositalari tashkil etiladi. Bundan asosiy maqsad, sayyohlarning viloyatda qolish kunlarini uzaytirish bilan bir qatorda, aholi turmush tarzini yaxshilash, aholining qoʻshimcha daromadini oshirish hamda kambagʻallikni qisqartirishdan iborat.
Oʻtgan yildan boshlab joriy etilgan “Gastronomik turizm”, “Tibbiyot turizmi”, “Hunarmandchilik turizmi” haftaliklarini bu yil ham davom ettiramiz. Ayni paytda bu borada targʻibot ishlarini olib boryapmiz. Bu orqali biz Samarqandning oʻziga xos yangi turistik yoʻnalishlarini ochamiz.
Departament tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarda qayd etilishicha, 2020-2021-yillarda viloyatda aholini ish bilan taʼminlash hamda yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida turizm sohasida 54 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish va 1300 dan ortiq ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan. Birgina joriy yilda 34 ta loyiha ishga tushiriladi va 732 nafar fuqaro mazkur tarmoqda ish boshlaydi.
– Hozirda Samarqand shahridagi Orzu Mahmudov, Islom Karimov, Alisher Navoiy va Pushkin koʻchalari hamda Universitet xiyobonini turistik maskanga aylantirish boʻyicha loyihalar ishlab chiqildi, – deya soʻzida davom etadi D.Narziqulov. – Orzu Mahmudov koʻchasida gastronomik turizm hududini tashkil etish ishlari yakunlanmoqda va bu yilgi mavsumda sayyohlar kelib bu yerdagi xizmatlardan foydalanishlari mumkin. Ushbu koʻcha yaqinida joylashgan “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetiga tutash hududda esa “Turizm taʼlim bogʻi” tashkil etiladi. M-37 va M-39 avtomagistralining viloyatimiz hududidan oʻtgan qismida esa 8 ta joylashtirish vositalari (mehmonxona, kemping va boshqalar) va ovqatlanish shoxobchalarini ishga tushirish boʻyicha jadal ish olib borilmoqda. Umumiy qiymati 74,7 milliard soʻm boʻlgan bu loyihalarning amalga oshirilishi bilan 100 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi.
Viloyatning togʻli hududlarda joylashgan sanatoriy va dam olish maskanlaridan sayyohlik maqsadlarida samarali foydalanish yuzasidan ham loyihalar mavjud. Ayni paytda viloyatda 1800 oʻrinli 25 sanatoriy,
2780 qabul quvvatiga ega 22 bolalar oromgohlari boʻlsada ularning barchasidan ham samarali foydalanilyapti, deb boʻlmaydi. Bunday obyektlarni bosqichma-bosqich mahalliy va xorijiy investorlarga investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish sharti bilan “nol” xarid qiymatida sotish rejalashtirilgan. Jumladan, Urgut tumanining soʻlim Omonqoʻton qishlogʻida joylashgan “Doʻstlik” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi ana shunday shart bilan “ZAMIN-TRAVEL” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga berildi. Mazkur jamiyat 2022-yil yakuniga qadar bu yerda 2 million AQSH dollaridan kam boʻlmagan miqdorda investitsiya kiritib, bu yerda sport-sogʻlomlashtirish majmualariga ega 100 oʻrinli bolalar sport-sogʻlomlashtirish oromgohi, 75 oʻrinli 20 ta kemping (dam olish maskanlari), uch yulduzli xizmatlar sifatiga ega 100 oʻringa moʻljallangan mehmonxona majmuasi tashkil etishi belgilangan.
Xuddi shunday Samarqand tumanidagi “Yangi joy” mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Anisabonu” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Oqboʻyra garden” dam olish maskani tashkil etilmoqda. Umumiy qiymati 10 mlrd. soʻm boʻlgan mazkur loyiha doirasida 20 ta yozgi va 20 ta qishki dam olish uylari, basseyn, umumiy ovqatlanish markazi foydalanishga topshiriladi. Toqqa sayr qilish yoʻlga qoʻyiladi.
Xullas, bugun Samarqand turizmida ham pandemiya tufayli yoʻqotilgan vaqt va mablagʻ, imkoniyatlarni tiklash uchun barcha choralar koʻrilmoqda. Ishlamay turgan korxonalar faoliyati qayta yoʻlga qoʻyilayotir. Eng muhimi, bu vaqt turistik faoliyat bilan shugʻullanuvchi subyektlar, sohaga masʼullar uchun ish faoliyatni tahlil etish, kelgusi reja va maqsadlarni aniq belgilab, amaliy harakatlarni kuchaytirish uchun yetarli fursat boʻldi.