Tarix ba’zan mahobatli saroylar va yuksak minoralar soyasida emas, balki inson ko‘zi ilg‘ashi qiyin bo‘lgan mitti detallarda ham yashiringan bo‘ladi. Asrlar davomida tuproq ostida yotgan kichik bir buyum butun bir davr madaniyati, siyosiy aloqalari va san’ati haqida jild-jild kitoblarga arziydigan ma’lumot berishi mumkin. Samarqandning ko‘hna yuragi hisoblangan Afrosiyobda 1977 yilda amalga oshirilgan arxeologik qazishmalar aynan shunday noyob kashfiyotga sabab bo‘ldi. Bu topilma shunchaki qadimiy bezak emas, balki Sharq va G‘arb madaniyatlari to‘qnashgan nuqtaning kichik, ammo yorqin guvohidir.
Afrosiyob arxeologik kompleks ekspeditsiyasi shaharchaning shimoliy qismida joylashgan, X – XIII asrlarga mansub bo‘lgan katta jome masjidini ochish ishlarini olib borayotgan edi. Biroq, tadqiqotchilar tarixning nisbatan yaqin qatlamlarini emas, balki yanada chuqurroq – kun yuzasidan naqd to‘rt metr pastlikdagi antik davr qatlamlarini ham ochdilar. Masjidning shimoliy devori ostidagi qadimiy qatlamlardan topilgan, o‘lchami atigi 1 santimetrga ham yetmaydigan (eni 0,8 sm, uzunligi 1 sm, qalinligi 0,6 sm) kichik gemma (sirtiga tasvir tushirilgan tosh) arxeologlar e’tiborini o‘ziga tortdi. Qizil aqiqdan (serdolik) o‘ta mahorat bilan yo‘nilgan bu tosh, aftidan, qachonlardir hashamatli uzukning ko‘zi bo‘lib xizmat qilgan.
Ushbu mitti san’at asariga nazar tashlansa, undagi tasvirning naqadar nozik did bilan ishlangani kishini hayratga soladi. Gemma yuzasida yevropacha qiyofaga ega bo‘lgan yosh yigitning chap tomonga qarab turgan profili tasvirlangan. Usta tosh o‘ymakorligining eng yuqori cho‘qqisini namoyish etib, yigitning yuz tuzilishini – bo‘rtib chiqqan bodomqovoq ko‘zlari, to‘g‘ri burni, ixcham lablari va yo‘g‘on, qisqa bo‘ynini aniq ifodalay olgan. Ammo tasvirning eng jumboqli va e’tiborli jihati bu – qahramonning bosh kiyimidir. Undagi dubulg‘a o‘ziga xos kertiklarga ega bo‘lib, eng muhimi, unda aniq ko‘rinib turgan shox tasviri mavjud. Qadimshunos olim M.Sa’diyevning yozishicha, bunday “shoxli dubulg‘a” Makedoniyalik Aleksandrning ramziy belgisi hisoblangan. Yunon-Baqtriya tangalarida ham hukmdorlarning bunday tasvirlari uchrashi, gemmadagi portret aynan Aleksandrga yoki uning vorislaridan biriga tegishli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Xo‘sh, bu noyob topilma qachon yaratilgan? Arxeologiyada buyumning yoshini aniqlashda u bilan yonma-yon yotgan boshqa ashyolar yordamga keladi. Gemma bilan bir qatlamdan topilgan qizil loklangan qadahlar uning miloddan avvalgi IV – III asrlarga, ya’ni O‘rta Osiyoda ellin madaniyatining ta’siri kuchaygan davrga mansub ekanini tasdiqlaydi. Uslubiy jihatdan bu topilma 1958 yilda arxeolog V.D.Jukov tomonidan Afrosiyobdan topilgan boshqa bir gemmaga juda yaqin turadi. Jukov topgan namunada ikki yunon jangchisining olishuvi – biri tiz cho‘kkan, ikkinchisi esa g‘alaba nashidasini surayotgan holati tasvirlangan edi. Britaniya muzeyida saqlanayotgan shunga o‘xshash gemmalar bilan qiyoslash, Samarqand zaminida topilgan bu san’at asarlarining yagona uslubiy guruhga mansubligini va o‘sha davr global madaniyatining ajralmas qismi bo‘lganini ko‘rsatadi.
Yaqin vaqtlargacha qadimgi Samarqand hududidan topilgan gemmalar fanda kam o‘rganilgan soha hisoblanar edi. Toshkentdagi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida saqlanayotgan intaliya-gemmalarning aksariyati mahalliy hunarmandlar mahsuli bo‘lib, ularning kelib chiqishi qadimgi So‘g‘d va Baqtriya bilan bog‘lanadi. Shu bilan birga, Darg‘omning chap qirg‘og‘idan topilgan va Qadimgi Rim imperiyasi davrida Misrda yasalib, Kushonlar davrida Samarqandga kelib qolgan deb taxmin qilinuvchi gemmalar ham uchrab turadi. San’atshunos olim G.A.Pugachenkova gemmalarni uch toifaga ajratadi: uzuk ko‘zi sifatida ishlatiladigan yassi oval shaklli toshlar; uzuklarga o‘rnatiladigan mayda, burchaklari kesilgan to‘g‘ri to‘rtburchak toshlar; va bo‘yinga osib yuriladigan, muhr vazifasini bajaruvchi yirik toshlar. Biz tahlil qilayotgan Afrosiyob topilmasi aynan birinchi toifaga – uzuk ko‘zi sifatida yaratilgan noyob san’at namunasiga kiradi.
Bu jajji qizil aqiq parchasi shunchaki bezak buyumi emas, balki qadimgi So‘g‘d madaniyatining naqadar boy va rang-barang bo‘lganidan darak beruvchi muhim manbadir. Afrosiyob tuprog‘idan chiqqan, ellincha dubulg‘a kiygan yigit tasviri miloddan avvalgi asrlardayoq bu mintaqaning jahon sivilizatsiyasi markazlari bilan madaniy va savdo aloqalarida bo‘lganini, mahalliy ustalarning yuksak mahoratini va tarixning turli qatlamlari bir nuqtada – Samarqandda qanday tutashganini yaqqol namoyon etadi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA