Samarqand tumanida 1800 dan ortiq oilaga bir martalik moddiy yordam puli tarqatildi
Bu xonadonlarda 255,5 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Koronavirus pandemiyasi taʼsiridan aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida Samarqand tumanidagi yordamga muhtoj, ehtiyojmand oilalarga “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida tegishli yordam koʻrsatilmoqda, “temir daftar”ga kiritilgan oilalarga bir martalik moddiy yordam pullari berilmoqda.
Bugungi kunda tumandagi 74 mahallada 45,3 mingdan ortiq xonadonda 65,1 ming oila mavjud. Bu xonadonlarda 255,5 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Sektor rahbarlari, sektorlardagi “Kambagʻallikni qisqartirish shtabi” aʼzolari, deputatlar, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari va oʻrinbosarlari bilan birgalikda oilalarning ijtimoiy ahvoli va turmush sharoitini oʻrganib, 2245 ta kambagʻal, ehtiyojmand oilalarni “Temir daftar”ga kiritgan. Bu oilalarning 10 ming 473 nafar aʼzosi borligi aniqlangan.
Davlat bandlikka koʻmaklashish va jamoatchilik jamgʻarmalaridan zarur mablagʻlar (subsidiya, kredit) ajratilishi natijasida shu paytgacha tumandagi 230 ta oilaning mehnatga layoqatli 397 nafar aʼzosi bandligi va daromad manbai bilan taʼminlangan edi. Shu sababli bu oilalar xalq deputatlari Samarqand tuman Kengashning sessiyasi qaroriga asosan “Temir daftar”dan chiqarildi.
Jumladan, birinchi sektordagi “Mironqul” mahalla fuqarolar yigʻini hududida 13,7 gektar yer maydonida kooperativ tashkil etilib, 31 nafar ehtiyojmand, ishsiz fuqaroga boʻlib berildi. Bu yerda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida eksportbop qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish yoʻlga qoʻyildi.
Ayni paytda esa, davlatimiz rahbari “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, tumandagi “temir daftar”ga kiritilgan oilalarning har bir aʼzosiga respublika byudjetidan ajratilgan mablagʻ hisobidan 220 ming soʻmdan bir martalik moddiy yordam puli tarqatilmoqda. Shu kungacha Qurbon hayiti arafasida moddiy yordam olgan 50 oilaga takroran 46,2 million soʻm, yangidan roʻyxati shakllantirilgan 206 ta oilaga 199,7 million soʻm hamda moddiy yordam puli olmagan 1570 oilaga 1 milliard 626,6 million soʻm bir martalik moddiy yordam pullari toʻliq yetkazib berildi.
– Oilada yetti kishimiz, – deydi Qavchinonibolo mahallasida yashovchi Sh.Asadova. – Oʻzim va qaynonam surunkali kasallikka chalinganmiz, turmush oʻrtogʻimning kunlik mehnat bilan topgan puli roʻzgʻordan ortmaydi. Toʻrt nafar bolamiz hali voyaga yetmagan. Karantin sharoitida ancha qiynalib qolgandik, 4-sektor tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari berib turildi. Kuni kecha oilamizga 1 million 540 ming soʻm moddiy yordam puli ham berildi.