Samarqand viloyatining Samarqand tumani tugatilib, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralari o‘zgartirilmoqda. Bu boradagi Qonunchilik palatasi qarori loyihasi fraksiya yig‘ilishlarida ko‘rib chiqildi.
Samarqandni “Millionli shahar”ga aylantirish, zamonaviy arxitektura yechimlariga ega turar-joy va noturar binolarni qurish, aholining uy-joylarga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, hududlarni infratuzilma bilan ta’minlash orqali aholiga munosib yashash sharoitini yaratish maqsadida Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatilmoqda.


Chegaralar o‘zgartirilishi hisobiga Samarqand shahri hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektargacha kengayib, yangi investitsiya va qurilish loyihalari uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.

Yangi turistik loyihalar, o‘yin maydonlari, akvapark, havo sharlari, istirohat bog‘lari kabi ko‘ngilochar turizm va dam olish maskanlari tashkil etiladi, yangi yashil hududlar va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va logistika markazlari quriladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA