Samarqand viloyat ma’muriy sudida xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda viloyat sudi va viloyat ma’muriy sudi sudyalari mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish borasida olib borilayotgan ishlar, qonunchilikdagi yangilik va o‘zgarishlar hamda sudlarda korrupsion ishlarning ko‘rilishi haqida ma’lumot berdi.
– Joriy yil 5 mart kuni davlatimiz rahbari ishtirokida o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa va har bir fuqaroning vijdon ishi ekanligi, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarash kerakligi ta’kidlangandi, – deydi Samarqand viloyat sudi sudyasi Temur Almamatov. – Ushbu yig‘ilishda belgilangan vazifalarni bajarish borasida viloyatimiz sudlari tomonidan ham muayyan tashkiliy-huquqiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, yilning 11 oyi davomida sudlarda korrupsiya bilan bog‘liq 400 ta (624 nafar shaxsga nisbatan) jinoyat ishi ko‘rib tamomlandi. Bu turdagi jinoyatlarni sodir etganlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 49 nafarga ko‘paygan. Jinoyatlar toifasiga qaraydigan bo‘lsak, eng ko‘pi o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (452 nafar shaxsga nisbatan), firibgarlik (64 nafar shaxs), pora olish (13 nafar shaxs), pora berish (18 nafar shaxs), davlat xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi (6 nafar shaxs), mansab vakolatini suiiste’mol qilish (9 nafar shaxs) bilan bog‘liq bo‘ldi. Korrupsiyaga oid 361 ta jinoyat ishi bo‘yicha 569 nafar shaxsga nisbatan ayblov hukmi chiqarilgan bo‘lib, 62 nafar sudlanuvchiga ozodlikdan mahrum qilish, 79 nafariga ozodlikni cheklash, 347 nafariga axloq tuzatish ishlari, 64 nafariga jarima jazolari tayinlandi. Sudlangan shaxslarning kelgusida yana shunday jinoyatlarni sodir etishining oldini olish maqsadida 332 nafariga u yoki bu mansabni egallash yoxud u yoki bu faoliyat bilan shug‘ullanishini taqiqlash uchun qo‘shimcha muayyan huquqdan mahrum qilish jazolari qo‘llanildi.
[gallery-26585]
Mazkur toifadagi jinoyatlar sohalar kesimida tahlil qilinganda maktabgacha va maktab ta’limi tizimidan 67 nafar shaxs, sog‘liqni saqlash sohasidan 32 nafar, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlaridan 26 nafar, hokimliklardan 24 nafar, banklardan 18 nafar shaxs korrupsion jinoyatlarlarga qo‘l urgani aniqlandi. Eng achinarlisi, ushbu jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning 126 nafari yoki har besh nafardan biri muqaddam sudlangan. Shundan 99 nafari avval ham korrupsiyaviy jinoyatga qo‘l urgan. Misol uchun, D.Bobobekov muqaddam to‘rt marotaba korrupsiya bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlanib, jazoni o‘tayotgan bo‘lsa-da, “Agrobank” ATB Qo‘shrabot filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelib, boshqa fuqaroning nomiga rasmiylashtirilgan, amalda esa o‘zi boshqarib kelgan mas’uliyati cheklangan jamiyatga 1 milliard so‘m kredit ajratib, pullarni shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan. Bu gal unga 2 yil muayyan huquqdan mahrum qilingan holda 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Korrupsion jinoyatlar natijasida davlat manfaatlariga 237 milliard 821 million so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Shu paytgacha 83 milliard 485 million so‘m zarar qoplangan.
Matbuot anjumanida korrupsion jinoyatlarning oldini olish borasidagi profilaktik ishlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jazolarni kuchaytirish, shu turdagi qilmishi uchun sudlangan shaxslarni mansab vazifalariga tayinlashni cheklash yuzasidan takliflar bildirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari