Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand sudlarida iqtisodiy ishlar keskin ko‘paydi
15:07 / 2025-11-06

Samarqand viloyat sudi raisi o‘rinbosari X.Tursunov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati hamda shahar, tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan 2025 yilning 9 oyi davomida odil sudlovni amalga oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yagona sud amaliyotini shakllantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan davrda iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati hamda shahar, tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan 56421 ta iqtisodiy ishlar mazmunan ko‘rilib hal etilgan. Shundan 53967 ta da’vo qanoatlantirilgan, 1939 ta da’vo rad qilingan, 309 ta ariza ko‘rmasdan qoldirilgan (81 ta ish taraflar mediativ kelishuv tuzganligi sababli), 206 ta (66 ta ish bo‘yicha taraflar kelishuv bitimi tuzganligi sababli) ish yuritishdan tugatilgan.

– Ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 44 ming 686 taga ko‘paydi, – dedi X.Tursunov. – Iqtisodiy ishlarning 50 ming 128 tasi (89 foizi) ma’muriy huquqiy, 5748 tasi (10 foiz) fuqarolik-huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq bo‘ldi. Iqtisodiy ishlarning 46 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi. Viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan yuqori instansiyalarida 521 ta ish ko‘rildi va ulardan 391 tasida birinchi instansiya sudlari hujjati o‘zgarishsiz qoldirildi, 76 tasi bekor qilindi va 54 tasi o‘zgartirildi. Iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib hal etilib, da’vo qanoatlantirilgan ishlar bo‘yicha da’vogarlar foydasiga 952 milliard 622 million  681 ming so‘m undirish haqida sud hujjatlari qabul qilingan. Tadbirkorlik sub’ektlari da’vogarligida esa 2627 ta ish ko‘rilib, 2286 tasi qanoatlantirilgan.

Brifingda qayd etilishicha, bugungi kunda tumanlararo, (shahar) iqtisodiy sudlarida 12 nafar sudya faoliyat yuritadi va ularning har biriga bir oyda o‘rtacha 521,7 ta iqtisodiy ish to‘g‘ri kelgan. Viloyat sudidagi iqtisodiy ishlar bo‘yicha bir sudya esa bir oyda o‘rtacha 11,1 ta iqtisodiy ish ko‘rgan.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri