Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti o‘tkazilishi munosabati bilan 14 sentyabrdan 17 sentyabrga qadar Samarqand shahrining ayrim ko‘chalarida transport vositalarining harakati cheklanadi.
Bu vaqtda shahar ko‘chalarida tez tibbiy yordam avtomashinalarining harakatlanishiga ruxsat berilgan bo‘lsa-da vaqtinchalik cheklov davrida aholiga tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida har bir mahallada oilaviy shifokor va 2 nafar hamshiradan iborat tibbiy punktlar tashkil qilindi. Ular birinchi yordam uchun zarur dori-darmon vositalari bilan ta’minlangan bo‘lib, bu orqali yengil darajadagi bemorlarga mahallaning o‘zida ambulator yordam ko‘rsatish ta’minlanadi.

Sammit kunlari Samarqand shahrida tez tibbiy yordam xizmati odatdagi tartibda faoliyat olib boradi. 50 ga yaqin tez tibbiy yordam mashinasi va tibbiy brigada aholi chaqiriqlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi. Ambulator yordam ko‘rsatish uchun Samarqand shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli barcha oilaviy poliklinikalar har doimgidek soat 8:00 dan 20:00 gacha faoliyat ko‘rsatadi. Konservativ davolanishga muhtoj bemorlarga tuman shifoxonalarida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun viloyat shifoxonalarida faoliyat ko‘rsatuvchi malakali mutaxassislar jalb etiladi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, SHHT sammiti mehmonlariga tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan "1303" qisqa raqamli Sall-markaz tashkil qilindi. Bu yerda mutaxassislar tomonidan ingliz, rus, xitoy va boshqa tillarda murojaatlar qabul qilinadi. Zarurat tug‘ilganda, tarkibida deyarli barcha ixtisosliklar bo‘yicha mutaxassislar jamlangan 50 ta tibbiy brigada SHHT sammiti delegatsiyalari a’zolariga xizmat ko‘rsatish uchun shay holatga keltirilgan. Bundan tashqari, sammit ishtirokchilari va mehmonlar joylashadigan mehmonxonalarda tibbiy mobil guruhlar tashkil etilgan.
G‘.HASANOV, O‘zA