Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand shahrida gaz bosimi ko‘tarildi, Urgutdagi ko‘p qavatli uylarda gaz ta’minoti tiklandi
20:44 / 2021-11-26

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotida avtomatlashtirilgan tizimning joriy etilishi samaralari va aholini gaz bilan ta’minlash bo‘yicha viloyatda 2021-2022 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikka bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda tabiiy gaz iste’molchilari soni viloyatda 255 ming 766 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib ular soni 315 ming 371 taga yetgan. O‘z navbatida iste’molchilarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz fondi ham sezilarli oshgan. 2016 yilning o‘n oyida iste’molchilariga yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmi 775 million 659 ming metr kubni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 10 oyi mobaynida iste’molchilarga jami 1 milliard 260 million 12 ming metr kub tabiiy gaz yetkazib berildi.

Press-tur ishtirokchilari dastlab Oqdaryo gaz taqsimlash stansiyasidan Samarqand shahrining Siyob hududiga tortilgan 11,5 kilometr gaz tarmog‘ini ko‘zdan kechirishdi.

– Yangi tarmoq tortilishi natijasida Siyob hududidagi 20 dan ortiq mahalladagi 15 mingdan ortiq aholi xonadoni hamda hududdagi ijtimoiy soha ob’ektlari, tadbirkorlik sub’ektlarida gaz bosimi yaxshilandi, – deydi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali qurilish-ta’mirlash bo‘limi boshlig‘i A’zam Boboaliyev. 

– Ushbu tarmoq Vazirlar Mahkamasining 415-qaroriga asosan Samarqand shahrining Siyob hududidagi aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlari, tadbirkorlik sub’ektlarida tabiiy gaz bosimini yaxshilashga qaratilgan edi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun “Hududgaz” aksiyadorlik jamiyatining 14 milliard so‘mga yaqin mablag‘i sarflanib, qurilish ishlari “Shuhrat Qambarov” xususiy qurilish korxonasi tomonidan amalga oshirildi.

Shuningdek, Samarqand shahridagi Amir Temur va Gagarin ko‘chalari kesishmasidan Firdavsiy ko‘chasiga D-325 millimetrli, uzunligi qariyb 0,5 kilometr tabiiy gaz quvuri tortildi. Ushbu inshoot foydalanishga topshirilishi natijasida, bir necha yillardan buyon kuz-qish mavsumida gaz bosimi pastligidan aziyat chekib kelgan Samarqand shahridagi “Mirzo Ulug‘bek”, “Lolazor”, “Ahmad Yassaviy”, “Maftunkor”, “Dukchiyon”, “Temirqishloq” mahallalaridagi yetti mingdan ortiq aholi xonadonlarida tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi. Mazkur loyiha uchun “Hududgazta’minot” AJ tomonidan 300 million so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi.

Bundan tashqari, ayni paytda Samarqand shahrining markaziy qismida tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 10,5 kilometr, Samarqand turizm markaziga 10 kilometr, shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahrida 6 kilometr tarmoq qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. 

Prezidentimizning tegishli qarori bilan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida Toyloq gaz taqsimlash stansiyasidan D-325 mmli 29,5 kilometr yangi gaz tarmog‘i tortilib, ishga tushirildi. Natijada hududdagi 70 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektida tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun “Hududgazta’minot” AJ tomonidan 25 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi.

Shuningdek, Urgut tumani markazidagi ko‘p qavatli uylar, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarida tabiiy gaz ta’minotini tiklash maqsadida Urgut tumanidagi gaz taqsimlash kollektoridan D-219 mmli uzunligi 1,5 km yuqori bosimli gaz quvurlari tortilib foydalanishga topshirildi. bugungi kunda aholi tabiiy gaz bilan ta’minlandi.

[gallery-4829]

Press-tur ishtirokchilari Urgut tumanida bo‘lib, o‘n yilga yaqin vaqt mobaynida tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan tuman markazidagi ko‘p qavatli uylar, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalarning tabiiy gaz ta’minoti bilan tanishdi.

– Tabiiy gazsiz ko‘p qavatli uylarda yashashni o‘ylashning o‘zi qanchalik og‘ir bo‘lsa ham, biz 10 yilga yaqin mobaynida shunday sharoitda yashashga majbur bo‘ldik, – deydi Kamardon mahallasidagi 1-ko‘p qavatli uyda yashovchi Mavjuda Tosheva. 

– Elektr energiya ta’minoti ham haminqadar bo‘lgan yillardagi azoblarimizni ko‘z oldingizga keltirib ko‘ravering. Davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilgan islohotlar natijasida dastlab kommunal sohada tub o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Mana bir necha yillar davomida to‘xtab qolgan tabiiy gaz ta’minoti ham qayta tiklandi. Turmush sharoitimiz yaxshilanib, xonadonlarimizga fayz kirdi.

Press-tur ishtirokchilari Urgut erkin iqtisodiy zonasidagi Sariqtepa massividagi “YEC Gilam” mas’uliyati cheklangan jamiyatidagi tabiiy gaz ta’minoti bilan tanishib, bevosita ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatishdi.

Press-tur davomida jurnalistlar va blogerlar "Hududgaz Samarqand" gaz ta’minoti filiali Urgut gaz to‘dirish shoxobchasida bo‘lib, aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.

Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda jami 498 ming 397 ta suyultirilgan gaz iste’molchilari ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 498 mingtasi aholi xonadonlaridagi iste’molchilar, 383 tasi ijtimoiy soha ob’ektlar hisoblanadi.

Shu kungacha viloyatda 565 746 dona maishiy gaz ballonlari orqali “aylanma” tara usulida iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Ularning 522 827 donasi filial balansida bo‘lsa, 26 372 donasi iste’molchilarning shaxsiy mulki hisoblanadi. Joriy yilning o‘tgan 10 oyida Samarqandda suyultirilgan gaz iste’molchilari soni qaryib 11 mingtaga ortib, 2021 yilda yangi suyultirilgan gaz iste’molchilariga 10 981 ta maishiy gaz ballonlari tarqatilgan. Joriy yilning 1 noyabrigacha iste’molchilarga 65 532 tonna suyultirilgan gaz mahsulotlari yetkazib berildi.

Joriy yildan “Hududgazta’minot” AJ tomonidan respublika bo‘ylab suyultirilgan gazning hisob-kitobini yuritishda to‘liq avtomatlashtirilgan tizim joriy etilgan bo‘lib, bugungacha viloyatda iste’mol uchun maishiy gaz ballonlarining 565 ming 746 tasiga maxsus shtrix kodli stikerlar o‘rnatilgan. 479 ming 339 ta iste’molchiga ID-kartalar tarqatilgan. Sohada avtomatlashtirilgan tizimning joriy etilishi natijasida iste’molchilardan suyultirilgan gaz bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarning keskin kamayishiga erishildi.

- Viloyatimizning bir oylik suyultirilgan gaz fondi 7000 tonnani tashkil etadi, - deydi "Hududgaz Samarqand" gaz ta’minoti filiali aholiga suyultirilgan gazni sotish va hisobini olib borish xizmati yetakchi muhandisi Akbar Javanov. – Bevosita Urgut gaz to‘ldirish shoxobchasining bir oylik gaz to‘ldirib berish quvvati 700 tonnani tashkil qiladi. 

Suyultirilgan gaz ta’minotining ham tabiiy gaz kabi to‘liq avtomatlashtirilishidan maqsad ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasida naqd pul muomalasiga barham berish, turli korrupsion holatlarning oldini olish, aholiga o‘z vaqtida suyultirilgan gazni yetkazib berish hamda maishiy gaz ballonning qaysi iste’molchiga biriktirilganligini onlayn nazorat qilishdan iborat. 

Eng muhimi, har bir maishiy gaz ballonga bir xilda suyultirilgan gaz to‘ldiriladi va iste’molchilarning ID-kartalaridan 22 ming 400 so‘mdan ortiq mablag‘ yechib olishning imkoni yo‘q. Ayni paytda viloyatda iste’molchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish davriyligi 40-45 kunni tashkil qilmoqda.

Press-tur davomida OAV vakillari va blogerlar "Hududgaz Samarqand" gaz ta’minoti filiali mutasaddilaridan o‘zlarining qiziqtirgan savollariga batafsil ma’lumot olish imkoniga ega bo‘lishdi.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA