Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand shahri hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektarga kengaymoqda
11:47 / 2026-01-13

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda dastlab “Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi palata qarori loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, Samarqandni “Millionli shahar”ga aylantirish, zamonaviy arxitektura yechimlariga ega turar-joy va noturar binolarni qurish, aholining uy-joylarga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, hududlarni infratuzilma bilan ta’minlash orqali aholiga munosib yashash sharoitini yaratish maqsadida Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatilmoqda. Oqdaryo tumanidan 1 ming 410,6 gektar, Pastdarg‘om tumanidan 1 242,3 gektar, Samarqand tumanidan 13 ming  308 gektar, Toyloq tumanidan 1 ming 265,6 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilmoqda.

Shahardan 518 gektar va Samarqand tumanidan 1 ming 551 gektar yer maydoni Pastdarg‘om tumani, Samarqand tumanining 28 ming 295 gektar yer maydoni esa Toyloq tumani tarkibiga o‘tkazilmoqda. Bunda shahar va tumanlar tarkibiga o‘tkazilayotgan yerlarning amaldagi yer fondi toifalari o‘zgartirilmagan.

Ushbu chegaralar o‘zgartirilishi hisobiga Samarqand shahrining hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektarga kengayib, yangi loyihalar uchun imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu orqali shahar aholisi 604 ming nafardan 882 ming nafargacha oshadi. Shuningdek, yangi uy-joy massivlarini barpo etish bo‘yicha “Shirin” shaharchasi, “Temir yo‘l orti” hududi va “Qorasuv-2” massivi hududlarida 309 ming aholi uchun 710 ta ko‘p qavatli uy-joylar barpo etiladi.

Majlisda chegaralarga o‘zgarishlar kiritish masalasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari Samarqand shahar, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq va Samarqand tumanlari Kengashlari hamda viloyat Kengashida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullangani qayd etildi.

Muhtarama Komilova,  

O‘zA