Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand shahri «Halal in Travel — Global Summit 2022»da ikkita nominatsiya bo‘yicha g‘olib bo‘ldi
09:19 / 2022-06-04

Singapurda joriy yil 31 may–2 iyun kunlari musulmon dunyosi turizm bozorini tiklash va rivojlantirishga bag‘ishlangan «Halal in Travel — Global Summit 2022» sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov onlayn formatda ishtirok etib, so‘zga chiqdi.

Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, «Halal in Travel Awards» global sammiti doirasida Samarqand shahri «Yilning islom merosi manzili» va «Yilning eng yaxshi rivojlanayotgan musulmon shahri» mukofoti g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, O‘zbekiston har yili «CrescentRating» tomonidan e’lon qilinadigan «World Muslim Travel Index» reytingida kuchli o‘ntalikka kirgan.

Ushbu reytingni ishlab chiqishda mamlakatning sayyohlar uchun ochiqlik siyosati, musulmon turistlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, targ‘ibot va marketing, islom merosini sayyohlarga yetkazish darajasi kabi qirqdan ortiq mezon hisobga olingan. «CrescentRating» tashkiloti rahbari Fazal Bahardin bu yilgi ko‘rsatkichlarga alohida to‘xtalib, O‘zbekistonni reytingda eng tez ko‘tarilgan va boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan davlat sifatida e’tirof etgan.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan turizm segmentiga, xususan, ziyorat turizmiga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida O‘zbekiston jahon musulmon turizmi bozorida muhim o‘rinni egallagani ta’kidlangan.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu sammit dunyoning turli burchaklaridan turizm sohasida tajribaga ega 70 dan ortiq soha mutaxassislarini o‘zida jam qilgan. O‘zbekistonda 2022 yil 1 yanvardan boshlab 35 ta restoran (tezkor ovqatlanish tarmoqlari) va 4 ta mehmonxona «Halol» reytingi va sertifikatiga ega bo‘lgan.

M. Komilova, O‘zA