Jomboy tumanidagi “Sof Expo Samarkand” ko‘rgazmalar majmuasida Samarqand hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va sanoatchilar forumi ish boshladi.
Ko‘rgazmaning ochilishida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev ishtirok etib, navbatdagi hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi viloyat mahalliy sanoati salohiyatini ko‘rsatish, xorijiy va mahalliy investorlar bilan hamkorlik kelishuvlari tuzish, korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ko‘paytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, 2024 yil yakuni bo‘yicha “Sanoat korporatsiyasi sohasida yilning eng namunali korxonasi”, “Mahalliylashtirish dasturining eng namunali korxonasi”, “Sanoat sohasida eng namunali eksportyor korxona”, “Yilning eng namunali brendi” nominatsiyalari g‘oliblari taqdirlandi.
Ko‘rgazmada 70 dan ortiq korxonaning elektrotexnika, avtomobilsozlik, qurilish materiallari, charm-poyabzal, mebelsozlik, oziq-ovqat, gilam va boshqa 2 mingdan ziyod mahsulotlari, turizm va boshqa yo‘nalishlardagi xizmatlari, oliy ta’lim muassasalari va yoshlarning startap loyihalari namoyish etilmoqda.
[gallery-undefined]
– Bu yil oltinchi marta tashkil etilayotgan mazkur forumda viloyatimiz tadbirkorlari bilan birga Jizzax va Farg‘ona viloyatlaridan ham ishlab chiqaruvchilar, ishbilarmonlar qatnashmoqda, – deydi Samarqand viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov. – Bu yerda tadbirkorlar nafaqat mahsulot va xizmatlarni sotish va xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolashadi, shu bilan birga bojxona, statistika idoralari tomonidan o‘z ish faoliyatlari uchun zarur ma’lumotlarni olishlari mumkin. Tog‘-kon sanoati va geologiya qo‘mitasi viloyat boshqarmasi esa viloyatdagi konlar, mineral reserslar bo‘yicha, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi va kichik sanoat zonalari direksiyasi mavjud bo‘sh yer maydonlari va ularda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan loyihalar haqida ma’lumotlarni taqdim etmoqda. Ikki kun davomida viloyat rahbarlari va mahalliy sanoat sohalari vakillari bilan uchrashuvlar ham o‘tkaziladi. Bu uchrashuvlarda viloyatda oziq-ovqat, parrandachilik va omuxta yem tayyorlash, gilam va gilam mahsulotlari, elektrotexnika buyumlari ishlab chiqarish bo‘yicha muammolarni muhokama qilib, ularga yechim topish ko‘zda tutilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari