Ayni paytda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti yuzlab mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishini yoritish maqsadida dunyoning yetakchi axborot platformalarida faoliyat yuritayotgan 250 dan ziyod jurnalist va blogerlar mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Rossiyaning “Sputnik” axborot agentligi vakili Denis Bolotskiy O‘zA muxbiriga bergan intervyusida yuqori darajadagi anjuman to‘g‘risida materiallar uzatishda barcha sharoit yaratilganini ta’kidladi.
– Samarqand sammiti matbuot markazida mavjud bo‘lgan o‘ziga xoslik va bunday jiddiy tadbirga tayyorgarlik yuqori ekanini ko‘rish mumkin. Reportajlarimda voqealar rivoji bilan birga mahalliy aholining hayotini uyg‘un tarzda ko‘rsatish men uchun juda muhim.
Delegatsiyamiz kecha Registon maydonida bo‘ldi, diqqatga sazovor me’moriy joylarni ko‘rdik va suratga oldik. Sammit tufayli xavfsizlik ta’minlanganiga qaramay, sayyohlar hudud go‘zalligidan bahramand bo‘lishiga hech qanday to‘sqinlik yo‘q.
Tadbirni atroflicha yoritishimiz, tashkilot nufuzi ortishiga xizmat qiladigan materiallar tayyorlash uchun barcha imkoniyat ishga solingan. Davlat rahbarlari tashrifiga oid fotolavha va video reportajlar tezkor berib borilmoqda.
B.Xudoyberdiyev,
O‘zA