Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand sammiti xalqaro hamkorlikning yangi formatini shakllantirishda mustahkam poydevor bo‘ladi
09:29 / 2022-09-14

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasi xalqimiz hamda dunyo jamoatchiligi tomonidan juda katta qiziqish bilan kutib olindi.

Maqolada eng dolzarb mavzu — tinchlik-totuvlikni, taraqqiyot yo‘lida o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha tahlil etilgan. Bu borada Shanxay hamkorlik tashkilotining o‘rni, xususan, ushbu tuzilmaning Samarqandda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammiti ahamiyati, O‘zbekiston tashabbuslarining mazmun-mohiyati teran ochib berilgan.

Ma’lumki, bugun dunyoning turli nuqtalarida murakkab vaziyatlar kuzatilmoqda. Davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch yo‘qolib, geosiyosiy o‘yinlar, hatto qurolli mojarolar tobora kengayib borayotir. Bu esa xalqaro munosabatlarga, hamkorlik aloqalariga, pirovardida global iqtisodiyotga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatib, savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqardi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini yanada keskinlashtirdi. Boz ustiga, iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklarning tarqalishi insoniyatni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Xo‘sh, bunday sharoitda qanday yo‘l tutish kerak?

Prezidentimiz maqolada bunday muammolar girdobidan chiqish yo‘lini ko‘rsatib berdi. Bu – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikdir. Inqiroz va bo‘hronlar davrida mamlakatlar katta yoki kichikligidan qat’i nazar, o‘zlarining tor doiradagi manfaatlarini ustun qo‘ymasdan, aksincha, asosiy e’tiborni hamjihatlikka qaratishlari lozim. Samarali xalqaro hamkorlik barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omilidir. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va samarali yo‘l hisoblanadi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti mana shunday ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lgan hamda xalqaro iqtisodiy va siyosiy munosabatlar tizimida tobora muhimroq ahamiyat kasb etib borayotgan nufuzli xalqaro tuzilmadir. U tashkil etilganidan buyon qisqa vaqt mobaynida global siyosiy va iqtisodiy tizimning ajralmas qismiga aylandi. Tashkilotning jahonda yuz berayotgan voqealarga faol munosabati, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikni ta’minlashga oid qat’iy siyosiy yo‘li dunyo hamjamiyatining qiziqishi va ishonchi ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yangi sinovlar va imkoniyatlar vujudga kelayotgan bugungi dunyoda SHHTning transformatsiyasi va yuksalishi uchun nafaqat a’zolar sonining ko‘payishi hisobiga, balki tashkilot rivojining yangi strategik yo‘nalishlarini ilgari surish orqali keng istiqbollar mavjud. Bu o‘rinda gap transport va o‘zaro bog‘liqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyot kabi muhim yo‘nalishlar haqida bormoqda.

Maqolani mutolaa qilar ekanmiz, joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan SHHTning navbatdagi sammiti uning doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirishga muhim poydevor bo‘lishini anglaymiz.

Bu galgi sammit ishida SHHTga a’zo mamlakatlar – Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Hindiston Respublikasi, shuningdek, tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlatlar – Belarus Respublikasi, Mo‘g‘uliston va Eron Islom Respublikasi yetakchilari ishtirok etadi.

Faxriy mehmon sifatida Turkiya Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Turkmaniston va Armaniston Respublikasi, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari taklif etilgan.

Shu ma’noda, Markaziy va Janubiy Osiyo hamda Yevroosiyo mintaqasida joylashgan, ayni paytda nufus jihatidan jahon aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan mazkur mamlakatlar rahbarlarining bir joyda jamlanishi, bugungi global xavf-xatarlar kengayib, geosiyosiy po‘rtanalar avjiga chiqqan va har qanday istiqbolni oldindan taxmin etish tobora qiyinlashayotgan hozirgi murakkab dunyoda nihoyatda dolzarbligi bilan e’tiborga molik.

Sammitda mintaqaviy xavfsizlikni va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, tinch-totuv va farovon hayotni ta’minlash borasida samarali yutuqlarga erishilishiga shubha yo‘q. Zero, SHHTning xalqaro tashkilot sifatidagi jozibadorligi va uning faoliyati asosini tashkil etadigan tamoyillar har qanday kishida ana shunday ishonch uyg‘otadi.

Binobarin, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot — SHHTning, birinchidan, turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ikkinchidan, ochiqligi, uchinchidan, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, to‘rtinchidan, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, beshinchidan, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yo‘l qo‘ymaslik kabi tamoyillarga rioya qilishi tuzilmaning xalqaro maydondagi mavqei oshishiga sabab bo‘lmoqda.

“Shanxay ruhi” tashkilotga a’zo davlatlarning siyosiy, harbiy va iqtisodiy qudrati har xil o‘lchamda bo‘lishiga qaramay, ularning barchasi teng va hamjihatligini bildiradi. Ayniqsa, SHHT doirasida barcha qarorlarning konsensus asosida qabul qilinishi tamoyili ham uni mukammal tuzilma sifatida namoyon etadi.

E’tiborlisi, O‘zbekiston tashkilot doirasida konkret va amaliy tashabbuslarni ilgari suryapti. Masalan, O‘zbekiston rahbarining transport va o‘zaro bog‘liqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyot kabi muhim yo‘nalishlardagi tashabbuslari orqali SHHT doirasidagi iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari bir necha borabar ortadi, tashkilotning imiji va obro‘-e’tibori yanada yuksaladi.

SHHT doirasida milliy manfaatlarimizga javob beradigan ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ilgari surilgan barcha taklif va tashabbuslarimiz mintaqadagi barqarorlik hamda hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq mos keladi. Chunonchi, so‘nggi yillarda O‘zbekiston SHHT doirasida yangi hamkorlik platformalarini ishga tushirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi: Prezident qaroriga asosan Toshkentda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etildi, tashkilotga a’zo davlatlar temir yo‘l ma’muriyatlari rahbarlarining uchrashuvlari mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Samarqandda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti barpo etildi.

Tashkilotga raislik O‘zbekistonga ko‘p tomonlama kooperatsiyani yanada mustahkamlash barobarida har bir davlat bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda yanada keng qamrovli sheriklik uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab olish uchun yaxshi imkoniyatlar berdi.

“Har birimiz kuchli bo‘lsakkina SHHT kuchli bo‘ladi” shiorini amalda ro‘yobga chiqarish yo‘lida tashkilotning yanada kuchli va xalqaro hamkorlar uchun yanada jozibador bo‘lishiga erishish uchun jiddiy harakat qilindi.

Prezidentimiz maqolada Afg‘onistonni SHHT makonining ajralmas qismi sifatida ta’kidlagani bejiz emas. Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ushbu mamlakatdagi barqarorlik mintaqa xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois o‘tkazilajak sammit Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni atroflicha muhokama etish uchun juda qulay diplomatik maydon hisoblanadi.

Afg‘oniston bilan o‘zaro munosabatlar, jafokash afg‘on xalqiga har tomonlama ko‘mak berishni kuchaytirish bilan bog‘liq barcha masalalar hamon xalqaro hayotning kun tartibida. O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratib, kelgusida Afg‘onistonga ijtimoiy-iqtisodiy yordam ko‘rsatishning aniq dasturini ishlab chiqish taklifini ilgari surmoqda. Hozirda mamlakatimiz gumanitar inqirozga yo‘l qo‘ymaslik uchun bu davlatga zaruriy oziq-ovqat, neft va elektr energiyasini yetkazib berishda davom etmoqda.

Zero, hozirgi murakkab bir paytda bu davlatni yakkalab qo‘yish mavjud vaziyat va taranglikni yanada kuchaytiradi, xolos. Shu sababli, avvalo, qo‘shni davlatlar bunday sharoitda yakdillik va bir-biri bilan muvofiqlashtirilgan harakatlarni olib borishi ahamiyati keskin oshadi.

Shubhasiz, Afg‘oniston SHHT makonining ajralmas qismi sanaladi. Bugun afg‘on xalqi qo‘shni va xayrixoh davlatlar ko‘magiga har qachongidan ham muhtoj. Qolaversa, O‘zbekiston tashabbuslarining yana bir ahamiyatli tomoni bor. Ya’ni, asrlar davomida global miqyosdagi davlatlar va mintaqaviy kuch markazlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarda bufer rolini o‘tab kelgan Afg‘oniston endilikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarishdek yangi tinchlik missiyasida o‘zini namoyon etmog‘i lozim.

Bunday o‘zaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikning namunaviy ramzi sifatida Transafg‘on koridorining qurilishi loyihasini aytish mumkin. “Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yo‘li infratuzilma loyihalarini amalga oshirish orqali ikkita maqsadni ro‘yobga chiqara olamiz. Birinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya “ko‘priklari” o‘rnatiladi, ikkinchidan, mintaqaviy xavfsizlik ta’minlanadi.

Umuman, nufuzli xalqaro sammitning Samarqandda o‘tkazilishida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. “Yer yuzining sayqali”, deya e’tirof etiladigan bu qadimiy zamin ko‘p asrlar mobaynida Yevropadan Xitoygacha bo‘lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bog‘lab, Shimol va Janubni, Sharq va G‘arbni yagona chorrahada tutashtirib kelgan.

Shubhasiz, ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand Shanxay hamkorlik tashkiloti qudratini va jozibadorligini oshirish bilan tarixga kiradi. Samarqandning shonli tarixiy merosi va o‘ziga xos ruhi bunga xizmat qiladi.

Boz ustiga, Yangi O‘zbekistonning faol diplomatiyasida Samarqand mamlakatimizning eng muhim xalqaro tashabbuslarini ilgari surish uchun noyob platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. So‘nggi yillarda bu yerda qator yirik forumlar muvafaqqiyatli o‘tkazildi. Qo‘lga kiritilgan tajriba, o‘zaro hamjihatlik, yaxlitlik va farovon hayotni o‘zida mujassam etgan “Samarqand ruhi” “Shanxay ruhi” bilan uyg‘unlashib, uni yanada to‘ldiradi. Shu sababdan aminmizki, Samarqandda SHHT hayotining yangi bosqichi boshlanishiga guvoh bo‘lamiz: xalqaro hamkorlikning, jumladan, SHHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirishda mustahkam poydevor yaratiladi.

 

Ozodbek NAZARBEKOV,

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri

O‘zA