Samarqand shahrida joriy yil 15-16 sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) davlat rahbarlari kengashining 22-sammiti bo‘lib o‘tdi. Butun dunyo hamjamiyatining diqqat markazi ushbu SHHT Samarqand sammitining mazmun mohiyatiga qaratildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yig‘ilish doirasida dunyo yetakchilari bugungi kunda ishonch va o‘zaro bir-birini tushunish taqchilligi sezilayotgan, qarama-qarshiliklar va nizolar kuzatilayotgan bir sharoitda SHHT Samarqand sammitining o‘tkazilishi ijobiy voqelik ekanligini e’tirof etdi.
Tarixga nazar tashlasak, Samarqand azaldan tarixiy uchrashuvlar va sivilizatsiyalar muloqoti maskani, madaniy-gumanitar o‘zaro boyish va xalqaro savdoni rivojlantirish, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash vositasi bo‘lib kelgan. Samarqand – sayyoramizdagi eng qadimiy shaharlardan biri, Rim va Afina bilan tengdosh ekani tarixdan yaxshi ma’lum.
Temuriylar davrida Samarqandga ilm-fan, madaniyat va ma’rifatning markazi sifatida butun dunyo olimlari va san’at arboblari talpingan. Shuning uchun Samarqandni Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatining bebaho xazinasi deb atashadi. Bu yerda o‘rta asr me’morchiligining eng buyuk yodgorliklari saqlanib qolgan bo‘lib, ularning har biri alohida e’tiborga loyiq. Boy tarixiga qaramay, shahar o‘ziga xosligi va betakror qiyofasini yo‘qotmagan. bugungi kunda Samarqand eng go‘zal va madaniy jihatdan betakror shaharga aylangan. Buyuk shahar ekanligiga isbot o‘laroq tadbirda “Samarqand – biz SHHTni tuzishda asos qilib olgan bag‘rikenglik va turli xalqlarning an’ana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida hayotga tatbiq etilgan jonli namunadir”, dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.
Ta’kidlash joizki, asosiy tadbirlarning ilk kunida tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar yetakchilari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar hamda bir qator madaniy tadbirlar o‘tkazildi. Bugun esa kunning birinchi qismida SHHTga a’zo davlatlar kengashining dastlab tor doiradagi keyin esa, kengaytirilgan tartibdagi majlislari bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, sammitga raislik qiluvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashkilot faoliyatini yanada jonlantirishga qaratilgan bir qator tashabbuslar ilgari surildi.
Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z tarkibida siyosatchilar, jamoat arboblari, olimlar va ekspert-ekologlar, biznes vakillarini birlashtira oladigan SHHT Iqlim kengashini tuzishni taklif qildi. Shuningdek, SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi samaradorligini oshirish, jumladan, xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlardan ogohlantirish, ularga tezkorlikda munosabat bildirishga oid shartnomalar asosida ushbu tuzilmaning faoliyatini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi kengashining yillik sayyor yig‘ilishlari amaliyotini yo‘lga qo‘yish muhimligi, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish uchun qo‘shma platformani yaratish vazifasi tobora dolzarb bo‘lib borayotgani qayd etildi.
O‘z navbatida O‘zbekiston tomonidan xalqaro darajada uchrashuv va muloqotlarda ilgari surib kelinayotgan tashabbus – Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus fondni mazkur mamlakatga chegaradosh bo‘lgan Termiz shahrida – u yerdagi mavjud transport-logistika xabining zamonaviy infratuzilmasidan foydalangan holda birgalikda ta’sis etish taklif qilindi.
Shu bilan birga kengaytirilgan tartibdagi majlis doirasida yana bir qator dunyo yetakchilari tomonidan ham tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish, ro‘y berayotgan geosiyosiy keskinliklarni to‘g‘ri baholashga qaratilgan tashabbuslar ham aytib o‘tildi. Shuningdek, dunyo yetakchilari tomonidan mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonli hamkorlikni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash dasturlarini yo‘lga qo‘yish, yuqori sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun samarali logistika, “yashil” va ekspress-yo‘laklarni tashkil etish, iqtisodiy barqarorlikka erishish uchun mintaqaviy hamkorlikning ishonchli modellaridan foydalanish kabi masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.
E’tiborli jihati shundaki, mamlakatimiz rahbari madaniy-gumanitar aloqalar an’anaviy ravishda hamkorlikning mustahkam asosi ekanini ta’kidladi. Xalqlar o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va bir-birini o‘zaro to‘g‘ri tushunish SHHT mintaqasidagi tinchlik va keng qamrovli sheriklik garovidir.
Bildirilishicha, bugun qabul qilinayotgan uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish bo‘yicha kompleks reja shu maqsadlarga qaratilgan.
SHHT doirasida universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qo‘shma sport tadbirlari va universiadalar singari qo‘shimcha formatlarni ta’sis etish zarurligi qayd etildi. Madaniyatlararo muloqot raqamli platformalarini ishga tushirish taklif etildi. Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos o‘zgarishlar pallasiga to‘g‘ri kelgani, SHHTning Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammiti madaniy-sivilizatsion qarashlari turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtirishga muvaffaq bo‘lgan noyob maskanga aylanadi.
Obidjon Xamidov,
Buxoro davlat universiteti rektori,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati
O‘zA