Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand sammiti natijalari ilmiy tadqiqot muassasalariga katta vazifa yuklaydi
16:49 / 2022-09-30

Shaxay hamkorlik tashkilotining Samarqandda bo‘lib o‘tgan navbatdagi sammiti muhim hujjatlar qabul qilingani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, SHHT sammitida qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasi va boshqa hujjatlarda aks etgan maqsad-vazifalar, dasturiy yo‘l-yo‘riqlar, ko‘rsatmalar nafaqat SHHTga a’zo davlatlar, balki jahonda tinchlik, xavfsizlik, barqarorlikni saqlash va mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qonun ijodkorligi va parlamentarizm sohalarida o‘rta va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirib kelayotgan Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar parlamentlari” nomli to‘plam tayyorlandi. Mazkur institut direktori, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov bilan SHHT sammiti, Samarqand deklaratsiyasi hamda mazkur to‘plam mazmun-mohiyati xususida suhbatlashdik.

— SHHTning Samarqand sammitida imzolangan hujjatlar, jumladan Samarqand deklaratsiyasining asosiy jihatlari nimadan iborat?

— Samarqand sammitida aniq maqsad va manfaatlarni o‘zida mujassam etuvchi 44 ta tarixiy hujjat imzolandi. Shuni ta’kidlash kerakki, SHHT tashkil etilganidan buyon bunday ko‘p sonli formatdagi hujjatlar qabul qilinmagan edi. Mazkur hujjatlar ichida Samarqand deklaratsiyasi muhim ahamiyatga ega dasturiy hujjat hisoblanadi. Buni Samarqand deklaratsiyasini SHHTning rasmiy veb-saytiga (http://rus.sectsco.org/politics/) darhol joylashtirilganligidan ham anglash mumkin.

SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari tomonidan imzolangan Samarqand deklaratsiyasi qator muhim jihatlari bilan ajralib turadi. Birinchidan, deklaratsiyada bugungi kunda dunyo jadal rivojlanish va global o‘zgarishlarni boshdan kechirayotganligi, jahondagi vaziyatlarning tanazzul xavfi kuzatilayotganligi, mavjud ziddiyatlar keskinlashib, yangi mahalliy mojaro va inqirozlar paydo bo‘layotganligi ta’kidlangan.

Bundan tashqari, deklaratsiyada global iqlim o‘zgarishi va davom etayotgan SOVID-19 pandemiyasining oqibatlari iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy farovonlik va oziq-ovqat xavfsizligi, shuningdek, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish uchun qo‘shimcha qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotganligi qayd qilinib, ushbu muammolarni bartaraf qilish maqsadida yanada adolatli va samarali xalqaro hamkorlik hamda barqaror iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish uchun yangi yondashuvlar talab etilishi bayon qilingan.

Ikkinchidan, SHHT Xartiyasida belgilangan asosiy maqsad va vazifalarga sodiqligi ifodalangan. Unda SHHTning turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ochiqligi, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilishi, ichki ishlarga aralashmasligi, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yo‘l qo‘ymasligi deklaratsiyada ifodalangan.

Uchinchi jihati esa deklaratsiya SHHTning Samarqand sammiti doirasida qabul qilingan deyarli barcha hujjatlarning mazmun-mohiyatini, ahamiyatini o‘zida mujassam etgan. Xususan, SHHTga a’zo davlatlarning uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichiligi, do‘stligi va hamkorligi to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini 2023–2027 yillarda amalga oshirish bo‘yicha kompleks harakatlar rejasi, SHHTga a’zo davlatlarning o‘zaro hisob-kitoblarida milliy valyutalar ulushini bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” va boshqalar o‘z aksini topgan.

To‘rtinchi jihati SHHTga O‘zbekiston Respublikasi raislik qilgan davrda mamlakatimizda o‘tkazilgan 18 ta xalqaro uchrashuvlar, kengashlar va forumlar ahamiyatiga alohida urg‘u berilgan. Jumladan, 2022 yil 12 mayda Xiva shahrida SHHTga a’zo davlatlar transport vazirlari to‘qqizinchi kengashi yakunlari qo‘llab-quvvatlanib, davlat rahbarlari tomonidan O‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha konsepsiya tasdiqlangani ta’kidlangan.

Beshinchi jihati O‘zbekiston Respublikasi SHHTga raislik qilgan 2021–2022 yillar yakuniga yuqori baho berilib, bu davr keng qamrovli o‘zaro manfaatli hamkorlik yanada rivojlanishiga xizmat qilganligi ta’kidlangan.

Oltinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tinchlik va barqarorlikni, keng xalqaro hamkorlikni ta’minlash xamda insoniyatning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan “Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida birdamlikka qaratilgan Samarqand tashabbusi” qo‘llab-quvvatlanishi alohida ta’kidlangan.

Yettinchidan esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi, 2022 yil 12 sentyabrda e’lon qilingan va BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida chop etilib, tarqatilgan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” konseptual maqolasi, SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining majlisi va kengaytirilgan majlisidagi nutqlarida ilgari surilgan g‘oyalar, takliflar va tashabbuslar deklaratsiyada o‘z ifodasini topib, uning o‘zagini tashkil qilganligini e’tirof etish lozim.

Umuman, Samarqand deklaratsiyasida bayon qilingan barcha maqsad-vazifalar faqatgina SHHTga a’zo davlatlar emas, balki butun dunyoda xavfsizlik, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

— Institut tomonidan tayyorlangan “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar parlamentlari” nomli to‘plam haqida to‘xtalib o‘tsangiz. Unda asosan nimalarga e’tibor qaratilgan?

— Hozirgi kunda yer yuzining ulkan geografik hududini hamda sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan SHHT faoliyatiga qiziqish tobora ortib bormoqda. Nafaqat SHHT tarkibiy tuzilmasi, uning faoliyati mazmuni va asosiy yo‘nalishlari, balki tashkilot tarkibidagi sakkiz mamlakat – O‘zbekiston, Hindiston, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Pokiston davlatlarining siyosiy va huquqiy tizimlari xalqaro, xorijiy va milliy siyosatshunoslar, huquqshunoslar, qolaversa, soha olimlari va ilmiy tadqiqotchilar e’tiborini tortib kelmoqda.

Shu bois, to‘plamda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning universal instituti sifatida namoyon bo‘layotgan, turli madaniyat va sivilizatsiya shakllari, tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy rivojlanish modellari bilan birlashtirishga muvaffaq bo‘lgan xalqaro mintaqaviy tashkilot – SHHTga a’zo mamlakatlarning parlament tizimi xususidagi batafsil ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan.

To‘plamda asosiy e’tibor oliy vakillik organlarining huquqiy maqomi, ularning tuzilishi va vakolat muddati masalalariga qaratilgan, deputatlar korpusini shakllantirish tartibi va deputatlar daxlsizligi, shuningdek, qo‘mitalar va boshqa parlament organlarining ishlash tartibi bayon qilingan.

To‘plam parlament va hukumat a’zolari, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ekspertlar, ilmiy xodimlar, parlamentarizm sohasida tadqiqot olib borayotgan ilmiy izlanuvchilar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalari hamda keng kitobxonlar uchun mo‘ljallangan. O‘quvchi tashkilotga a’zo davlatlar parlamentlari faoliyati va amaldagi tarkibini o‘rganish, parlamentlarning umumiy xususiyatlari, o‘ziga xos va farqli jihatlarini taqqoslash, ulardagi jarayonlar, shu jumladan qonunchilik faoliyati bilan bitta manbaning o‘zida tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

— SHHT Samarqand sammitida qabul qilingan hujjatlar ijrosi milliy parlamentimiz, shu jumladan parlament huzuridagi Institut zimmasiga ham tegishli vazifalarni yuklaydi, shunday emasmi?

— To‘g‘ri ta’kidladingiz, SHHTning Samarqand sammitida erishilgan natijalar ilmiy tadqiqot muassasalariga kattadan-katta vazifalar yuklaydi, jonajon vatanimiz istiqboli uchun xizmat qiluvchi muhim ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish orqali asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish va ilmiy bashoratlarni ilgari surishni taqozo etadi.

Samarqand deklaratsiyasida SHHTga a’zo davlatlar qonunchilik organlari, ya’ni parlamentlari yo‘nalishida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, davlat boshqaruvi va rivojlanishi sohasida tajriba almashishni qo‘llab-quvvatlash belgilanganligidan kelib chiqib, SHHTga a’zo davlatlarning parlamentlararo aloqalarini yo‘lga qo‘yish mexanizmini ishlab chiqish, qolaversa, Oliy Majlis palatalari bilan SHHTga a’zo davlatlar parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini yanada faollashtirish alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, Samarqand deklaratsiyasi va boshqa hujjatlarni atroflicha o‘rganib, tahlil qilish asosida amaldagi qonunlarga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash muhim vazifalardan sanaladi.

Sammitda imzolangan hujjatlar va davlat rahbarlarining o‘zaro uchrashuvlari va muzokaralarida kelishilgan sa’y-harakatlarni ro‘yobga chiqarish jarayonida SHHTga a’zo davlatlarda faoliyat yuritayotgan aqliy markazlar ham faol tarzda, o‘zaro uyg‘unlashgan holda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishi zarur. Chunki har bir ko‘zlangan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa vazifalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi zamirida ilm-fan, tadqiqotlar natijasi mujassam.

Shu ma’noda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutimiz ham qonun ijodkorligi va parlamentarizm sohalarida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirib kelayotgan institut sifatida Samarqand deklaratsiyasining ijrosi yuzasidan mas’ul, oldimizda muhim vazifalar bor. Ayni paytda ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari ustida, bu boradagi amaliy tadbirlar borasida ishlar olib borilmoqda.

Muhtarama Komilova suhbatlashdi, O‘zA