Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand sammiti muvaffaqiyati – O‘zbekistonning SHHTga raisligi samarasining yorqin ifodasi
17:05 / 2022-09-12

Yaqin kunlarda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi SHHT sammitiga ko‘rilgan har tomonlama chuqur va puxta tayyorgarlik o‘zining nihoyasiga yetib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida uzoqni ko‘zlab, mamlakat oliy manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil va pragmatik xalqaro va mintaqaviy siyosat yurtimizning nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahon miqyosida nufuzi va o‘rnini yanada mustahkamlab, jo‘shqin kechayotgan xalqaro munosabatlarga ta’sirini yuksaltirmoqda.

Birgina misol, O‘zbekistonning SHHTga raisligi doirasida Prezidentimizning bevosita e’tibor va tashabbuslari bilan tashkil etilgan 80 dan ortiq yirik tadbirlar, shuningdek, bo‘lajak sammit doirasida imzolanishi kutilayotgan 30 dan ortiq xalqaro darajadagi muhim hujjatlar ham Samarqand sammitining muvaffaqiyatidan dalolat berib turibdi.

Avvalo, bunday nufuzli va yuqori darajadagi xalqaro sammitni tashkil etish yuksak sharaf bo‘lishi bilan birga, qabul qiluvchi davlatga ulkan mas’uliyat hamdir. Shu bois ham Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitiga dunyo hamjamiyatining e’tibori har qachongidan kuchayganining guvohi bo‘lib turibmiz.

Xususan, joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari SHHT sammitiga mezbonlik qiladigan Samarqand shahriga SHHT a’zolari – Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Pokiston, Hindiston, kuzatuvchi mamlakatlar – Belarus, Eron, Mo‘g‘uliston, sherik mamlakatlar – Armaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Kambodja, Shri-Lanka kabi davlatlarning rahbar va vakillari tashrifi kutilmoqda.

Shunisi diqqatga sazovorki, so‘nggi yillarda SHHT xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga ulkan hissa qo‘shayotgan nufuzli xalqaro tashkilot sifatida shiddat bilan o‘zgarib borayotgan xalqaro munosabatlarni barqarorlashtirish, murakkab muammolarni samarali hal qilish mexanizmi mavjud kuchga aylanib ulgurdi. Shanxay hamkorlik tashkiloti xalqaro tuzilmalar singari a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, xavfsizlik, energetika, transport, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa ustuvor sohalardagi samarali hamkorlikni rivojlantirish maqsadini ko‘zlaydi. Mintaqaviy xavfsizlikni kafolatli ta’minlash, terrorizm, ekstremizm, ayirmachilik va giyohvand moddalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish tashkilotning asosiy vazifalaridan sanaladi.

O‘tgan 20 yildan ortiq davr mobaynida mintaqaviy va xalqaro vaziyatda keskin o‘zgarishlar ro‘y berayotgan bir sharoitda SHHT o‘zini ko‘p tomonlama hamkorlikning ta’sirchan mexanizmi sifatida namoyon etmoqda. Agar SHHTni boshqa mintaqaviy va transmintaqaviy xalqaro tashkilotlar bilan qiyoslasak, u naqadar katta kuch va salohiyatga ega ekanini ko‘ramiz.

SHHTga a’zo davlatlarning ikkitasi, ya’ni Rossiya va Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari hisoblanadi. Dunyo aholisining deyarli yarmi SHHTga a’zo mamlakatlarda istiqomat qiladi. Tashkilotning umumiy makoni Yevroosiyo hududining 60 foizini egallaydi. SHHT mamlakatlarining umumiy aholisi 3,2 milliard kishini tashkil etadi. SHHTga a’zo davlatlarning yalpi ichki mahsuloti jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb chorak qismini tashkil qiladi. SHHT o‘z atrofiga 8 ta doimiy a’zo davlatni, 4 ta kuzatuvchi va 9 ta muloqot bo‘yicha 9 ta sherik davlatni o‘z atrofiga birlashtirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, O‘zbekiston ana shunday nufuzli tashkilotning teng huquqli a’zosi sifatida u bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga katta e’tibor qaratish barobarida, Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan aloqalarning rivojlanishi O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qoladi. Misol uchun, keyingi o‘tgan 6 yil mobaynida O‘zbekiston tomoni 30 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. Bu ancha jiddiy va katta ko‘rsatkich hisoblanadi. Eng muhimi, O‘zbekiston tashkilot doirasida o‘z tashabbuslarini shunchaki e’lon qilmasdan, balki ularni amaliy chora-tadbirlar orqali hayotga faol joriy etayotgani bilan ajralib turadi.

Ko‘rinib turibdiki, SHHT Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosiy ustuvorliklari tizimida o‘z o‘rniga ega. O‘zbekiston Respublikasi SHHTning faol ishtirokchisi sifatida 2021-2022 yillarda ushbu nufuzli tashkilotga raislik qilayotgani muhim voqelikdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Shanxay hamkorlik tashkilotida ilgari surilgan O‘zbekiston tashabbuslari o‘ziga xos ahamiyatga ega.

Shu kunlarda yurtimiz dunyo markaziga aylanganday. Sababi 15-16 sentyabr kunlari O‘zbekiston SHHT raisi sifatida tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari sammitiga mezbonlik qiladi. Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan ushbu sammitga yurtimizda juda katta tayyorgarlik ishlari ham amalga oshirildi. Aslida Samarqand sammiti SHHTga a’zo mamlakatlar rahbarlarining so‘nggi uch yilda birinchi marta bir joyga to‘planayotgani va unga tarixda ilk bor 15 dan ziyod mamlakat rahbarlari tashrifi nazarda tutilgani uning salohiyati naqadar yuqoriligini belgilaydi.

Uning ahamiyati va mas’uliyatini nafaqat davlat organlari, mas’ullar, balki barcha fuqarolarimiz samimiy munosabatda bo‘lib, yurtimiz obro‘siga obro‘ qo‘shishga, o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashga tayyor turishibdi. Bunday nufuzli anjuman uchun Samarqand shahri va uning ahli sammitga har qachongidan tayyor va shay holatda ekanini ko‘ramiz.

Shahar ko‘chalarida o‘rnatilgan SHHT va unga a’zo mamlakatlar bayroqlari va tadbir afishalari bundan darak berib turibdi. Sammitga tayyorgarlik bosqichida to‘yga to‘yona sifatida Samarqandda keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yangi ko‘rkam va zamonaviy aeroport ishga tushirildi, shuningdek, o‘z ichiga jami 10 ta ob’ektni jamlagan – 8 ta (2 ta 5 yulduzli va 6 ta 4 yulduzli) mehmonxona, Kongress xoll hamda Karvonsaroy kompleksi mavjud Xalqaro turizm markazi bunyod etildi. Aslida Samarqand o‘zi juda jozibador, ammo yaqinda qurib bitkazilgan “Boqiy shahar” majmuasi ham tashrif buyuruvchi mehmonlarni e’tiboridan chetda qolmaydi. Majmuada milliy hunarmandchilik ustaxonalari, milliy uslubdagi choyxonalar, Chorsu sharq bozori, barcha viloyatlardan kelgan usta-hunarmandlarning ijod namunalaridan bahramand bo‘lish mumkin.

Shu bois mazkur yirik sammitning Samarqandda o‘tkazilishida ham chuqur ma’no bor. Ushbu shahar qadimdan tarixiy uchrashuvlar va sivilizatsiyalashgan muloqotlar maskani, madaniy-gumanitar o‘zaro bog‘liqlik va xalqaro savdoni rivojlantirish, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash makoni bo‘lib kelgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Yangi O‘zbekistonning faol xalqaro aloqalarida Samarqand mamlakatimizning eng muhim xalqaro tashabbuslarini ilgari surish uchun noyob platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Ishonchimiz komilki, SHHTning Samarqand sammitida davlat rahbarlari zamonaviy xalqaro munosabatlarni chuqur o‘zgartirish nuqtai nazaridan tashkilot oldida turgan yangi tahdidlar va vazifalarni muhokama qiladilar, tashkilotni yanada rivojlantirish uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan qator muhim qarorlarni qabul qiladilar. Shu bilan birga, SHHTni yanada kengaytirish bo‘yicha SHHTga a’zo davlat maqomini olish uchun Eron Islom Respublikasining majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi kutilmoqda. Bundan tashri, SHHT faoliyatida to‘laqonli a’zo, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sheriklar maqomida ishtirok etish uchun taqdim etilgan 10 ga yaqin mamlakatlarning arizalari ham ko‘rib chiqiladi. Sammit maydonida SHHT va Arab davlatlari ligasi, YUNESKO, ESKATO va boshqa bir qator xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatishga doir hujjatlar ham qabul qilinadi.

Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekiston raisligi davrida o‘tkazilayotgan sammit SHHT a’zo davlat rahbarlarining mintaqaviy va global ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilishlari uchun samarali platforma yaratib berishi ulkan ahamiyatga ega bo‘ladi. Bularning barchasi SHHTning rivojlanishida yangi bosqichni boshlab beradi. O‘zbekistonning SHHTga raisligida olib borilgan ishlar tashkilot faoliyatini konkret va samarali, muhim loyihalar bilan boyitdi.

Samarqand sammitining yuqori bahosi O‘zbekistonning izchil va tashabbuskor faoliyati bilan baholanadi.

Oybek TURG‘UNOV,

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi

universitetining fakultet boshlig‘i,

yuridik fanlar doktori, professor

O‘zA