Samarqand o‘zbek diplomatiyasining katta yutug‘i sanalayotgan SHHTga a’zo davlatlar farovonligi va ravnaqiga xizmat qiluvchi tarixiy sammitga mezbonlik qildi. Samarqandning tarixiy uchrashuv joyi sifatida tanlanishida ham chuqur ma’no va mazmun mujassam. Chunki bu shahar azaldan tarixiy uchrashuvlar va sivilizatsiyalar muloqot manzili, madaniy-gumanitar aloqalarni, xalqaro savdoni rivojlantirish, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash ko‘prigi bo‘lib kelgan.
Samarqand Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan 2750 yillik tarixga ega qadimiy shahar. O‘rta Osiyoning sivilizatsiya markazi, G‘arb va Sharqni bog‘lovchi ko‘prikdir. So‘nggi yillarda shahar bir qator yirik forum va festivallarga mezbonlik qildi. Xalqaro maydonda “Samarqand ruhi” degan tushuncha paydo bo‘ldi.
Prezidentimizning “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasida keltirilganidek, Samarqandda SHHT hayotining yangi bosqichi boshlanishiga guvoh bo‘lamiz Samarqand anjumani mintaqada eng katta nufuzga ega 15 davlat rahbarlarini uzoq davom etib kelayotgan pandemiyadan so‘ng ilk bor bir stol atrofiga birlashtirib, yechimini kutayotgan global muammolar bilan birga o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalarini muhokama qilishga unday oldi.
bugungi kunda tashkilotga a’zo davlatlarning manfaatlariga teng javob beradigan ishonchli va ko‘p tomonli xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, yshbu hamkorlik SHHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirishga keng imkon yarata oldi. Ushbu sammit tinchlikni mustahkamlash, ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, dunyo davlatlari o‘rtasida birdamlikni kuchaytirishni maqsad qilgan. Xususan, bugungi dunyoning qiyofasi, insoniyatning hayoti uchun xavf tug‘dirayotgan tahdidlar, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, global iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi kabi masalalarga alohida to‘xtalishni maqsad qilib, manfaatli hamkorlik bo‘yicha dolzarb kelishuvlar bilan tarixda qoladi. Eng muhimi, umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga xos namuna bo‘la oladi.
Shu o‘rinda Prezidentimizning quyidagi fikrlarini bugungi kunning eng dolzarb muammosi sifatida aytib, har bir mamlakat va millatning taqdiri kelajak avlod bilan bog‘liq: “Radikalizmning o‘sib borishi xavfli tendensiyaga aylanmoqda. Yoshlarning ekstremistik tashkilotlarga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, turli nosog‘lom mafkuralarga qarshi barqaror immunitetni shakllantirish bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlar qabul qilinishi maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz”.
Ishonamizki, SHHTning navbatdagi sammiti ham o‘zaro hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha kelishilgan qarorlar qabul qilish platformasiga aylanadi. Asosiysi, tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Maqsud Muhammedov,
"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi
Buxoro viloyati Kengashi raisi,
viloyat kengashi deputatlik guruhi rahbari