Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand sammiti hamkorlikning yangi ufqlarini ochib beradi
17:05 / 2022-09-14

Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahri joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun o‘zgacha ko‘rinish va qiyofa kasb etgan holda tayyorlandi.

Jumladan, ushbu muhim tadbir oldidan 212 gektar maydonda ulkan “Boqiy shahar” majmuasi bunyod etildi. Majmua hududida “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi, 2 ta besh yulduzli, 6 ta 4 yulduzli mehmonxona, 1 ta Kongress xoll va 1 ta karvonsaroy bunyod etilib foydalanishga topshirildi.

Albatta, bunday yuqori nufuzdagi anjumanni Samarqand shahrida o‘tkazilishining yana bir qator o‘ziga xos jihatlari bor. Azaldan Samarqand dunyo xalqlari madaniyati va sivilizatsiyalari tutashgan, milliy davlatchiligimiz va umuman, jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida o‘ringa ega bo‘lgan shahar hisoblanadi. Ushbu boqiy shahar tariximizdagi ikkala Renessans davrining yuzaga kelishi va rivojida muhim rol o‘ynagan.

Shu bois, Yevroosiyo qit’asi hududining 60 foizidan ortig‘ini egallagan, dunyo aholisining qariyb yarmi istiqomat qiladigan, madaniy-sivilizatsion qarashlari turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan o‘ziga xos davlatlararo tuzilma bo‘lgan SHHtning 22-sammiti aynan Samarqand shahrida o‘tkazilmoqda.

Samarqandning bunday noyob jihatlari esa, dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omili bo‘lgan samarali xalqaro hamkorlini rivojlantirish, zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy lahzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va samarali yo‘llarni ishlab chiquvchi muloqot maydoniga aylanadi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, nufuzli anjuman oldidan chop etilgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning muhim fikr-mulohaza va tahlillarini o‘z ichiga olgan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” nomli maqola tashkilot va uning faoliyati hamda Samarand sammiti eng avvalo tashkilotga a’zo mamlakatlar aholisi, shu bilan birga dunyo hamjamiyati uchun qanday imkoniyat va yangiliklar yaratib berishi mumkinligiga oid ko‘plab savollarga javob bo‘lganligi bilan ahamiyatlidir.

Davlatimiz rahbari o‘z maqolasida bugun biz yashayotgan, jarayonlar o‘zaro chambarchas bog‘langan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yo‘li – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlik ekanligi, aynan inqiroz va bo‘hronlar davrida mamlakatlar, ular xoh katta, o‘rta yoki kichik bo‘lsin, o‘zlarining tor doiradagi manfaatlarini ustun qo‘ymasdan, aksincha, asosiy e’tiborni global hamjihatlikka qaratishlari lozimligini ta’kidlagan.

Jumladan, ko‘p tomonlama faoliyatga asoslangan eng yosh institutlardan biri bo‘lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti aynan mana shunday maqsad va vazifalarni ko‘zlagan tashkilot hisoblanadi. Boisi, bu tashkilot madaniy-sivilizatsion qarashlari turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan o‘ziga xos davlatlararo tuzilmadir. Ushbu tashkilot faoliyatida barcha a’zo davlatlar manfaatlari hududi aholi soni va iqtisodiy qudratidan qatiy nazar teng manfaatlarga asoslangan holda olib boriladi. Bu jihatlar esa, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida ilgari surilayotgan maqsadlarga to‘laqonli hamohang sanaladi.

Shuningdek, mazkur maqolada aks etgan jihatlar bugungi kunda global darajada davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning chuqur tanazzulga yuz tutayotganligi, dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan qurolli mojarolar, global iqlim o‘zgarishlari, tabiiy boyliklar va suv resurslarining tanqisligining ortishi, xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi singari global muammolar insoniyat taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan mushtarak qadriyat va ne’matlarning yemirilishiga olib kelib, odamlar hayoti va faoliyatiga tahdid solayotganligi alohida ta’kidlangan.

Shu boisdan, O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgach, asosiy e’tiborni hamkorlikning yangi ufqlarini ochish va har bir ishtirokchi mamlakatning foydalanilmagan rezervlarini ishga solish orqali Tashkilotni jadal rivojlantirish strategiyasiga qaratdi.

Xususan, O‘zbekistonning 2021-2022 yillardagi tashkilotga raislik davrida 80 dan ortiq tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarning 30 tasi tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari darajasida o‘tkazilgan bo‘lib, ular doirasida SHHT rivojining yangi dinamikasini belgilash, uning ortib borayotgan salohiyati yanada rivojlantirish hamda bugun dunyoda ro‘y berayotgan tahdidlarga munosib javob berish qobiliyatini mustahkamalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, SHHTda o‘zaro hamkorlik sohalarini mazmunan va institutsional jihatdan kengaytirishga qaratilgan 14 ta yangi konseptual hujjat loyihalari ishlab chiqildi.

Ishonchim komilki, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan SHHT sammiti o‘zaro hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha kelishilgan qarorlar qabul qilish platformasiga aylanadi, shuningdek, tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga ulkan hissa qo‘shadi.

Muzafara Abdiyeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.