Tarix zarvaraqlaridan tamaddunlar chorrahasi, ilm-fan va ma’rifat beshigi sifatida o‘rin olgan Samarqand zaminida jahon hamjamiyatining eng nufuzli tuzilmalaridan biri – YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘z ishini boshladi.
Mazkur nufuzli anjumanning қирқ yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor Parijdan tashqarida o‘tkazilishi – shunchaki tarixiy voqea emas, bu – sivilizatsiyalar muloqoti, o‘zaro hurmat va umumiy kelajak uchun hamkorlikka bo‘lgan ehtiyojning yorqin ifodasidir. Ana shunday yuksak minbardan turib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning jahon ahliga yo‘llagan murojaati Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik siyosati, uning ezgulik va insonparvarlik tamoyillariga sodiqligini yana bir bor namoyon etgan dasturiy hujjat bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqini O‘zbekistonning Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida uyg‘unlik ko‘prigi bo‘lishga hamisha tayyor ekanini ta’kidlashdan boshladi. Bu shunchaki chiroyli tashbeh emas, balki so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan izchil hamkorlikning amaliy natijalariga asoslangan qat’iy pozitsiyadir. Prezidentimiz sanab o‘tganidek, YUNESKO bilan birgalikda Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Amir Temur singari buyuk ajdodlarimiz yubileylarining xalqaro miqyosda nishonlanishi, Zarafshon-Qoraqum yo‘lagining Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi, “Shashmaqom”, “Lazgi”, baxshichilik san’ati kabi yigirmaga yaqin nomoddiy meros namunalarining dunyo miqyosida e’tirof etilishi – bularning barchasi O‘zbekistonning o‘zini global madaniy makonda faol ishtirokchi sifatida namoyon etayotganidan dalolat beradi.
Nutqda bugungi kunning eng dolzarb masalalariga javoban beshta strategik yo‘nalishda aniq va puxta o‘ylangan takliflar ilgari surildi. Birinchi va eng asosiy yo‘nalish – ta’lim sohasini qamrab oladi. Prezidentimiz jismoniy va ijtimoiy xususiyatlaridan qat’i nazar, har bir bolaga ta’lim olish uchun teng imkoniyat yaratish muhimligini alohida qayd etdi. Shu maqsadda YUNESKOning alohida ehtiyojli bolalar uchun Inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini joriy etish, Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish va eng muhimi, sun’iy intellektni ta’lim tizimiga keng tatbiq etishga qaratilgan “Sun’iy intellekt – maktab” namunaviy loyihasini amalga oshirish tashabbuslari bildirildi. Bu takliflar O‘zbekistonning kelajak avlodni kreativ fikrlaydigan va zamonaviy bilimlar bilan qurollangan insonlar etib tarbiyalash yo‘lidagi ustuvor maqsadlariga to‘la mos keladi.
Ikkinchi muhim takliflar turkumi insoniyatning bebaho xazinasi bo‘lgan hujjatli va nomoddiy merosni asrab-avaylashga qaratildi. Davlatimiz rahbari YUNESKOning “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirish, ushbu dastur yaratilgan sana – 19 noyabrni “Hujjatli meros xalqaro kuni” deb e’lon qilish va Raqamli meros bo‘yicha xalqaro institutni tashkil etish g‘oyalarini o‘rtaga tashladi. Bu tashabbuslar raqamli asrda tarixiy xotirani saqlash, xalq og‘zaki ijodiyoti, nodir qo‘lyozma va arxivlarni kelajak avlodlarga bezavol yetkazishdek olijanob vazifaga xizmat qiladi. Buxoroning YUNESKO Ijodkor shaharlar tarmog‘i a’zosi sifatida 2027 yilda xalqaro kongressni qabul qilishga tayyorligi ham O‘zbekistonning bu boradagi faolligini ko‘rsatadi.
Nutqda gender tengligi masalasi global kun tartibining ajralmas qismi sifatida alohida o‘rin egalladi. Davlatimiz rahbari YUNESKO statistikasiga tayanib, ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalarida ayollarning yetakchilik o‘rni hanuz past ekanini afsus bilan qayd etdi. Aynan shu tengsizlikni bartaraf etish maqsadida ilg‘or tajribani o‘rganish uchun Xotin-qizlar yetakchiligi bo‘yicha YUNESKO akademiyasini tashkil etish va Samarqandda barcha qit’alarning taniqli tadqiqotchi, san’atkor va ixtirochi ayollari ishtirokida Global forum o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Bu – xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va ularning salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishga qaratilgan o‘ta muhim va o‘z vaqtida bildirilgan tashabbusdir.
Iqlim inqirozi va uning madaniy merosga ta’siri nutqning to‘rtinchi muhim yo‘nalishini belgilab berdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “yashil” dasturlarni muvaffaqiyatli tatbiq etayotgan shaharlarni rag‘batlantirish uchun “YUNESKOning Ekologik poytaxti” global tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha maxsus rezolyutsiya ishlab chiqish va bu masalani Xiva shahrida xalqaro simpoziumda muhokama qilish taklifini bildirdi. Bu takliflar O‘zbekistonning nafaqat o‘z hududidagi, balki butun sayyoramizdagi tarixiy obidalar taqdiri uchun yuksak mas’uliyat his etayotganini namoyon qiladi.
Beshinchidan, raqamli makondagi tahdidlar – noxolis axborot, manipulyatsiya va diskriminatsiyaga qarshi birgalikda kurashish zarurligi ta’kidlandi. Bunga javoban Bolalar madaniy kontenti xalqaro festivalini o‘tkazish va Media savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha YUNESKOning keng qamrovli strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi. Nutq so‘ngida dinlararo ziddiyatlar kuchayayotgan sharoitda islom madaniyati va ma’rifatini tarannum etish orqali radikalizm va islomofobiyaga qarshi kurashish g‘oyasi o‘rtaga tashlandi va bu borada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy kabi ilmiy-tadqiqot markazlari salohiyatidan birgalikda foydalanish chaqirig‘i yangradi.
Davlatimiz rahbarining Samarqand minbaridan yo‘llagan murojaati – bu shunchaki takliflar majmui emas. Bu – ta’lim, madaniyat, ilm-fan va insonparvarlik g‘oyalari orqali tinchlik va barqaror taraqqiyotga erishish mumkinligiga bo‘lgan mustahkam ishonchning ifodasidir. “Samarqand ruhi” deya e’tirof etilgan bu tashabbuslar, hech shubhasiz, global hamkorlikning yangi ufqlarini ochishga, insoniyatni umumiy maqsadlar sari yanada jipslashtirishga xizmat qiladi.
Alisher EGAMBERDIEV,
O‘zbekiston Milliy universiteti
tayanch doktoranti