French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Samarqand ruhi” Yevroosiyo yetakchilarini bir stol atrofiga chorlamoqda
18:28 / 2022-09-12

Shu kunlarda mamlakatimizda katta siyosiy tadbirga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Samarqand 15-16 sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotining eng yirik sammitiga mezbonlik qiladi.

Samarqand anjumani so‘nggi yillarda Yevroosiyodagi eng yirik xalqaro siyosiy forumlardan biri sifatida bejiz tilga olinayotgani yo‘q.

Mintaqada har jihatdan eng katta nufuzga ega 14 nafar davlat rahbarlari pandemiyadan so‘ng ilk bor bir stol atrofiga to‘planib, yechimini kutayotgan global muammolar bilan birga o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalarini ham muhokama qiladilar. Shu jihatdan, Samarqand sammiti ishtirokchi davlatlar uchun oliy darajadagi ikki-uch tomonlama formatda o‘tadigan muhim va qulay uchrashuvlar maydoni bo‘lishi kutilyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bugun e’lon qilingan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasida qayd etilganidek, Samarqand sammiti dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos “tarixiy evrilish” pallasiga to‘g‘ri keldi – bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda hamda bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi bir davr boshlanmoqda.

Sammitda qatnashayotgan davlatlar aholisi dunyo nufusining 3,5 milliardini tashkil qiladi. Ya’ni, bu yer yuzi aholisining qariyb 50 foizi deganidir. Tashkilotga a’zo davlatlar maydoni 34 million kilometr kvadratga teng bo‘lib, bu Yevroosiyo hududining 60 foiziga teng. Yalpi ichki mahsulotdagi umumiy hajmi esa dunyo ko‘rsatkichining qariyb to‘rtdan birini tashkil qiladi.

Ushbu raqamlar ham Samarqand anjumanining qanchalik darajada bugun xalqaro hamjamiyat diqqat-markazida turganidan dalolatdir.

SHHT tarixidagi eng nufuzli anjumanning O‘zbekistonda, aynan Samarqandda o‘tkazilayotganida ham o‘zgacha bir ma’no bor.

Ta’kidlash lozim, O‘zbekiston tashkilotning ta’sischilaridan biri hisoblanadi va so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning nafaqat ichki, tashqi siyosatdagi oqilona va uzoqni ko‘zlab olib borayotgan sa’y-harakatlari a’zo davlatlar o‘rtasida har tomonlama aloqalar rivojini yangi bosqichga ko‘tarilishga xizmat qilmoqda.

Fikrimiz isboti: O‘zbekiston rahbari tomonidan SHHTning so‘nggi besh yilda o‘tgan sammitlarida Markaziy Osiyo va tashkilotga a’zo davlatlar xavfsizligini ta’minlash, transport-logistika, savdo-iqtisodiy, madaniyat, turizm, innovatsiya, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarda 50 dan ortiq taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Ularning qariyb barchasi amalga oshirilgani e’tirofga loyiq. Xalqaro ekspertlarning tasdiqlashicha, bu borada O‘zbekiston yetakchi o‘rinni egallaydi.

Qadimiy poytaxt maqomiga ega bo‘lib, milliy davlatchiligimiz poydevori yaratilgan, Buyuk ipak yo‘li markazidagi yirik tarixiy va madaniy markazlardan biri hisoblangan Samarqand har jihatdan bunday nufuzli anjumanni o‘tkazishga munosibdir.

Yer yuzining sayqali, ko‘hna va betakror shahar tarixda bo‘lgani kabi bugun ham muhim o‘zgarishlarga yuz tutgan O‘zbekistonning ayni hayotida alohida ahamiyatga ega. Samarqandning dunyoga mashhur muqaddas va betakror qadamjolari, tarixiy obidalari har qanday turistni ziyorat qilishga chorlashi shubhasiz. Bu omillar tarixiy kentning dunyo sayyohlik markazlaridan biriga aylanishiga xizmat qilmoqda.

Bugun Samarqand o‘zbek diplomatiyasining katta yutug‘i sanalayotgan SHHTga a’zo davlatlar farovonligi va ravnaqiga xizmat qiluvchi sammitga tayyor. Yaqinda Mirzo Ulug‘bekning "Ziji Jadidi Ko‘ragoniy” asarini ifodalovchi xalqaro talablarga to‘la javob beradigan aeroport foydalanishga topshirildi. O‘nga yaqin mehmonxonalar bunyod etildi. “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi bunyod etildi. Yiliga 2 million turistga xizmat qiladigan bu ko‘p tarmoqli markaz tarkibida “Boqiy shahar” majmuasi, Kongress xoll, 8 ta zamonaviy mehmonxona, amfiteatr va ko‘plab boshqa ob’ektlar mavjud.

Albatta, Samarqand sammiti Shanxay hamkorlik tashkilotining tarixiy solnomasidan muhim o‘rin egallaydi va tashkilot rivojini yangi bosqichiga olib chiqadi. Qabul qilinadigan qarorlar mintaqaviy darajada ham, global miqyosda ham muloqot, o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shishi shubhasiz.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, tarixan shakllangan tushunchaga ko‘ra, Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va bo‘linmas bo‘lib ko‘rinadi. “Samarqand ruhi” degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam bo‘lib, u xalqaro hamkorlikning, jumladan, SHHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish borasida mustahkam poydevor bo‘lishi mumkin.

Aslini olganda, “Samarqand ruhi” bundan 20 yil avval mamlakatlarimizning davr talablariga mos, yangi tashkilotni yaratishiga turtki bergan “Shanxay ruhi”ni uyg‘un ravishda to‘ldirib turadi.

Jahongir ZIYAEV, deputat 

O‘zA