Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Samarqand ruhi”: tinchlik va muloqotni birlashtirgan yangi O‘zbekiston modeli
08:49 / 2025-11-02

Bugun dunyo siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy jihatdan jiddiy o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Shunday bir global sharoitda Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilayotgani – bu nafaqat mamlakatimiz uchun, balki butun insoniyat uchun tarixiy ahamiyatga ega voqeadir.

Ayniqsa, sessiyaning ilk bor Parijdan tashqarida ko‘hna Samarqandda o‘tkazilishi, Yangi O‘zbekiston siyosatining xalqaro miqyosdagi nufuzi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan jahon hamjamiyatining yuksak ishonchidan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbarining mazkur nufuzli tadbir ochilish marosimidagi nutqi o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra, nafaqat milliy manfaatlarni ifoda etdi, balki global muammolarni hal etishga qaratilgan insoniy, ma’naviy va intellektual konsepsiya sifatida jahon diqqat markazida bo‘ldi. Sababi, xalqro ekspert va davlatlar yetakchilari tomonidan Prezidentimiz ilgari surgan g‘oyalar ta’lim, fan, madaniyat, ekologiya, axborot xavfsizligi va bag‘rikenglik sohalaridagi dolzarb tashabbuslar bilan uyg‘un holda, yangi gumanitar diplomatiya modeli sifatida e’tirof e’tilmoqda.

Jumladan, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida o‘zbek xalqiga tabrik yo‘llab, Samarqand shahri ilm, ma’rifat va ma’naviyat beshigi sifatida konferensiyaga alohida ramziy ahamiyat bag‘ishlashi, bu O‘zbekistonning sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ko‘prik, tinchlik va hamjihatlik g‘oyalarining markazi sifatidagi rolini yana bir bor namoyon etganligini ta’kidlagan.

Shu bilan birga, Yevropadagi Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha yetakchi ekspertlar tomonidan ham davlatimiz rahbari ma’ruzasida aytilgan fikrlar siyosiy bayonotdan ko‘ra ko‘proq, gumanizm, fan va ta’limni ilhomlantiruvchi chaqiriq bo‘lganligini e’tirof etishmoqda.

Xususan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Sun’iy intellekt – maktab” loyihasi, Inklyuziv ta’lim platformasi, shuningdek, Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar anjumani g‘oyasi ta’lim tizimini raqamli asr talablariga moslashtirish, yoshlarning ijodiy va innovatsion salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslardir. Bu g‘oyalar “bilim iqtisodiyoti”ni shakllantirishdagi asosiy poydevor hisoblanadi.

Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xotin-qizlar yetakchiligi bo‘yicha YUNESKO akademiyasi” tashabbusi gender tenglik va ayollar faolligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib, jahon miqyosida ayollar salmog‘ini oshirish borasidagi ilg‘or model sifatida baholanishi mumkin.

Alohida ta’kidlash joizki, Prezident nutqidagi “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirish, 19 noyabrni “Hujjatli meros xalqaro kuni” deb belgilash va raqamli meros institutini tashkil etish kabi takliflar madaniy va ma’naviy merosni himoya qilishga qaratilgan strategik tashabbuslardir. Bu bilan O‘zbekiston o‘zining ilmiy, ma’naviy va tarixiy xazinasini butun insoniyat mulki sifatida e’tirof etishni rag‘batlantirmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqida ilgari surilgan “Samarqand ruhi” g‘oyasi esa global gumanitar diplomatiyaning yangi tamal toshi bo‘ldi. Bu g‘oya – tinchlik, muloqot, bag‘rikenglik va hamjihatlikni umuminsoniy qadriyat sifatida ilgari suradi. Samarqand asrlar davomida ilm-fan, madaniyat va sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lgani kabi, bugun ham dunyo xalqlarini birlashtiruvchi ma’naviy markaz sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Davlat rahbarining iqlim o‘zgarishi, ekologik barqarorlik va madaniy merosni muhofaza qilishga doir takliflari O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol ekologik siyosatiga uyg‘un tashabbuslardir. “YUNESKOning Ekologik poytaxti” tashabbusi va Xiva shahrida iqlim o‘zgarishlari ta’siriga bag‘ishlangan xalqaro simpozium o‘tkazish taklifi “yashil taraqqiyot” strategiyasining amaliy ko‘rinishi sifatida katta ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, davlat rahbarining dinlararo totuvlik va ma’rifiy islom g‘oyalarini ilgari surish borasidagi takliflari jahon hamjamiyatida tinchlik va o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy markazlari faoliyati asosida amalga oshirilayotgan ma’rifiy loyihalar radikalizm va islomofobiyaga qarshi samarali ma’naviy javob bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning YUNESKO Bosh konferensiyasidagi nutqi Yangi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlagan, “inson – jamiyat – davlat” konsepsiyasiga asoslangan gumanitar diplomatiyaning yangi bosqichini boshlab bergan dasturiy hujjatdir.

Biz, deputatlar, mazkur tashabbuslarni qonun ijodkorligi jarayonida qo‘llab-quvvatlash, ularni milliy dastur va strategiyalarga integratsiya qilish orqali amaliyotga tatbiq etishni o‘z oldimizga ustuvor vazifa sifatida maqsad qilib belgilashimiz lozim.

Mavluda ADHAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

 Ekologiya va atrof-muhitni

muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA